O‘zA O`zbek

02.04.2018 10:27 Chop etish versiyasi

Bolalar ansambllari faoliyatiga e’tibor

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan bolalar musiqa va san’at maktablari ansambllari respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda yosh avlodning musiqiy didini to‘g‘ri shakllantirish, ularni bolalikdan musiqa olamiga oshno qilib tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017 yil 31 may kuni qabul qilgan madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, o‘quvchi-yoshlarni milliy va jahon musiqa san’atining eng sara namunalaridan bahramand etish, ularning badiiy-musiqiy didini yuksaltirish, o‘g‘il-qizlarni san’at maskanlariga muntazam jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ayni paytda bolalar musiqa va san’at maktablaridagi ta’lim jarayonlarini sifat va mazmun jihatidan yanada yuksaltirish, ularning faoliyatini doimiy o‘rganib, tahlil etib borish, mazkur ta’lim maskanlariga mohir san’atkorlarni biriktirish, ustoz-shogird maktabi an’analarini keng yo‘lga qo‘yish yuzasidan Madaniyat vazirligi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur ko‘rik-tanlovning yakuniy bosqichida yurtimiz bolalar musiqa va san’at maktablari ansambllarining eng yaxshilari o‘z badiiy-musiqiy dasturini hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etdi. Ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan bolalar musiqiy jamoalari g‘oliblari xalq cholg‘ulari ansambli, an’anaviy sozandalar, an’anaviy ashulachilar, folklor, estrada vokal, estrada cholg‘u, xor jamoalari, raqs jamoalari ansambllari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha aniqlandi. Bolalar ansambllarining ko‘rik-tanlovga tayyorgarligi, ijro mahorati, sahna madaniyati kabi jihatlariga asosiy e’tibor qaratildi. G‘olib bo‘lgan ansambllar turli yo‘nalishlar bo‘yicha diplomlar bilan taqdirlandi.

N.Usmonova, O‘zA
3 793