Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 12:02 Chop etish versiyasi

Bog‘larda dilbar fasl nafosati

Farg‘ona viloyatidagi qishloq va mahallalar hududini ko‘kalamzorlashtirish, yangi bog‘lar barpo etish maqsadida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, tevarak atrofni ko‘kalamzorlashtirib, gulzorlar barpo etish, xonadonu hovlini toza, ozoda va chiroyli tutish xalqimizga xos fazilatlardandir. Zero, tinch-osoyishta mahallada, toza-ozoda xonadonda hamisha fayz-baraka bo‘ladi. Navro‘z bayrami arafasida bu ezgu amallar yanada keng quloch yozmoqda. Quyosh ajib jilva qilib, mehnatdan rohatlanadigan elimizni dalalarga, bog‘larga chorlaydi. Har yonda mehnat zavqi – hamyurtlarimiz ertangi kunga umid bilan yana yerga urug‘ qadaydi, nihol ekadi, anvoyi gulzorlar barpo etadi.

Quva tumanidagi akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Farg‘ona ilmiy-tajriba stansiyasi bosh agronomi Xayrullo Aliyevning ma’lum qilishicha, joriy yilda 123 ming tup olma, qariyb 11 ming tup behi, 1 ming 500 tup o‘rik, 2 ming 400 tup shaftoli, 3 ming 800 tup olxo‘ri, 11 ming tupdan ziyod gilos, 2 ming tup bodom hamda 108 ming tup xo‘raki navli uzum ko‘chatlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda viloyatdagi barcha shahar va tumanlar hokimliklari, fermer va dehqon xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa egalari bilan shartnomalar imzolangan.

Ayni paytda ilmiy-tajriba stansiyasida 434 gektar bog‘lar mavjud bo‘lib, shundan 13 gektari tajriba maydoni, 17 gektarida esa qulupnay yetishtiriladi. Xalqaro hamkorlik doirasida bir gektar yerda kunchiqar yurtning dunyoga mashhur “Fudzi” navli olmasi parvarishlanayotgan yapon bog‘i tashkil etilgan. Zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda barpo etilgan 23 gektar yerdagi intensiv bog‘lardan eksportbop mevalar yetishtirish rejalashtirilgan.

Yangi texnologiyalar va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish maqsadida ilmiy-tajriba stansiyasida “Bog‘bonlar maktabi” faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqinda ikkita ilmiy-amaliy loyiha yakuniga yetgan bo‘lsa, joriy yil uchun ilmiy-tajriba stansiyasining olti nafar ilmiy xodimi tomonidan ishlab chiqilgan bitta loyihaga mablag‘ ajratildi. “Farg‘onaning tosh-shag‘alli yerlarida meva navlarini sinash” mavzusidagi loyiha rahbari, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Shavkatjon Eshpo‘latovning e’tirofiga ko‘ra, ilmiy ish doirasida o‘nlab turdagi mevali daraxtlarni shunday usulda parvarishlash bo‘yicha tajribalar olib boriladi. Ilmiy ishlardan kutilgan samaraga erishish uchun ilmiy-tajriba stansiyasi laboratoriya jihozlari yangilanmoqda. 2016-yili Andijon qishloq xo‘jaligi institutini tamomlab kelgan Rustam Abdulxayev ustozlari ko‘magida “Farg‘ona iqlim sharoitida olma yetishtirish” mavzusidagi ilmiy ishni boshladi. Demak, ushbu maskandagi bog‘dorchilikni rivojlantirishga qaratilgan ezgu tashabbuslar hamisha bardavom bo‘ladi.

Shu kunlarda ilmiy-tajriba stansiyasida bahorgi yumushlar faol tashkil etilib, keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. O‘z navbatida tashrif buyuruvchilar uchun shartnoma asosida mevali daraxtlar ko‘chatlari yetkazib berilayotir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
4 080