O‘zA O`zbek

02.03.2018 17:14 Chop etish versiyasi

Bog‘chalar soni ko‘payadi

Bog‘chalar soni ko‘payadi Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Sarbozor” mahalla fuqarolar yig‘inida 115 o‘rinli bog‘chaning yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdi. 

9 (1).JPG

Barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan “Yulduzcha” nomli maktabgacha ta’lim muassasasining qurilish-montaj ishlariga 2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Ma’lumotlarga qaraganda, tumandagi 41 mahallaning 30 tasida maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmagan. Hududdagi 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan 6 ming 500 nafardan ortiq bolajonning atigi 912 nafari maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan. Bu hududdagi maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshiriladigan ishlarning nechog‘lik dolzarbligini ko‘rsatmoqda. 

10.JPG

Joriy yilda viloyatda 127 yangi bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 2021-yilga qadar o‘rtacha 3 ming nafar bola maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinishi rejalashtirilgan.

– Viloyatda 2018-yil yakuniga qadar 1000 o‘rinli yana 10 xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, – deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri D.Tilovova. – Qolaversa, ikkita maktabgacha ta’lim muassasamizda rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Buning natijasida hududdagi bolajonlarning maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovi 30 foizdan oshadi. 

11.JPG

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat) O‘zA
12 039