O‘zA O`zbek

06.02.2018 14:12 Chop etish versiyasi

Bobolar havas qilar nabiralarga

Bobolar havas qilar nabiralarga
Jizzax viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Prezidentimizning 2018-yil 13-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi o‘tkazildi.

Xalqimiz turmush tarziga chuqur singib borayotgan ushbu an’anaviy marosim ishtirokchilari orasida keyingi paytda keksa avlod vakillari – bo‘lajak askarlarning bobolari ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Bugungi milliy armiyamizdagi o‘zgarishlarga harbiy xizmatni sobiq tuzum davrida o‘tagan keksa avlod vakillari o‘zgacha nazar, havas bilan qaraydi.

1 (1).JPG

Viloyat hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etgan marosimda bo‘lajak askarlarning ota-onalari qatori Zomin tumanining Yom qishlog‘idan nabirasi Boymir Qarshiboyevni kuzatishga kelgan 63 yoshli otaxon Mirzaahmad Qarshiboyev bugun harbiy xizmat nima sababdan barchada havas uyg‘otishini soddagina qilib aytib berdi.

– Bundan 43 yil burun harbiy xizmatni uzoqda, sovuq yurtlarda qurilish batalonida o‘taganman, – deydi otaxon. – U paytlar bizning yurtimizdan chaqirilganlar jangovar qo‘shinlar safida emas, ko‘proq qurilish qismlarida xizmat qilgani uchun askarlik oddiy majburiyatdan boshqa narsa emas edi. Bugun esa harbiy xizmat chinakam g‘urur-iftixorga aylandi. Bu yigitlarimiz zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘ bilan ta’minlangan, xalqimiz osoyishtaligini himoya qilishga qodir milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgani tufaylidir. Ular safida nabiramni ham ko‘rish nasib etganiga shukr qilaman.

– Xizmatga Urganchdagi "Temurbeklar maktabi"ni bitirib borayapman, – deydi boboning nabirasi Boymir Qarshiboyev. – Prezidentimiz, xalqimizning biz, yoshlarga bildirgan yuksak ishonchiga javoban, harbiy xizmatchi, ofitser bo‘lishga ahd qildim. Muddatli xizmatni o‘tab bo‘lgach, harbiy oliy o‘quv yurtiga, undan so‘ng harbiy akademiyada o‘qimoqchiman.

Bugun xizmatga jo‘nayotgan yigitlar qalbida shunday shijoat, qat’iyat jo‘sh urib turgani ularning mamnun yuzlarida, chaqnagan ko‘zlarida aks etadi. Bu milliy armiyamizda xizmat qilish yoshlar uchun qalb amriga aylanganidan dalolat.

Bo‘lajak askarlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
14 200