Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.09.2017 21:21 Chop etish versiyasi

BMT delegatsiyasining uchrashuvlari

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi direktori R.Komenda boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Tashrifdan maqsad inson huquqlari sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining joriy yil 16-iyundagi qo‘shma qarori bilan qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasida belgilangan tadbirlarni birgalikda amalga oshirishdan iborat.

Ta’kidlash joizki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi 2008-yilda Bishkek shahrida ochilgan bo‘lib, uning faoliyati Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni qamrab olgan.

Mintaqaviy bo‘linma Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha strategiya, dastur va chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, hukumatlar va fuqarolik jamiyati, jumladan, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar salohiyatini mustahkamlashda hukumatlar, hukumatlararo tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va BMT sheriklari bilan hamkorlik qilish bilan shug‘ullanadi.

Demokratik makonni kengaytirish, xalqaro huquqni himoya qilish mexanizmlari samaradorligini oshirish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro norma va standartlarni rivojlantirish, qonun ustuvorligini ta’minlashga ko‘maklashish masalalari 2014-2017-yillardagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

Bo‘linma hukumatlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyatining salohiyatini mustahkamlash, jumladan, odil sudlovni ta’minlash, qiynoqlarning oldini olish masalalariga doir tadbirlar o‘tkazmoqda.

Delegatsiya tashrifi davomida vazirliklar, huquqni muhofaza qilish organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura, Oliy sud, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Advokatlar palatasida uchrashuvlar mo‘ljallangan. Shuningdek, tashrif doirasida delegatsiya a’zolarining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashishi ham ko‘zda tutilgan.

O‘zA
1 843






Все о погоде - Pogoda.uz