O‘zA O`zbek

23.02.2018 20:40 Chop etish versiyasi

Bizga o‘rmon kerakmi? Unda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish vaqti keldi

O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi noyob manzarali va mevali daraxtlarga boy, dorivor o‘simliklari xilma-xil. Bugungi kunda mamlakatimiz o‘rmon fondidagi 300 xildan ortiq o‘simlik va 180 turdan ziyod hayvonlar “Qizil kitob”ga kiritilgan.

Mustaqillik yillarida mazkur sohada keng qamrovli islohotlar amalga oshirilgani tufayli ayni paytda davlat o‘rmon fondi yerlari hajmi respublika umumiy yer maydonining 25,2 foizini tashkil etmoqda. Holbuki, bu ko‘rsatkich mustaqilligimizning dastlabki yillarida 5,3 foizdan oshmas edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘rmon xo‘jaligiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Pirovardida, o‘rmonchilikni rivojlantirishning mustahkam asosi yaratildi.

Endi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mavjud yer maydonlaridan oqilona foydalanish, undagi resurslarni rivojlantirish, o‘rmonzorlar, daraxtzorlar, bog‘lar barpo etish, ularni qo‘riqlash, muhofaza qilish, iqtisodiy, geografik landshaft qiyofasini o‘zgartirish kabi vazifalarni bajaradi. Bu kabi chora-tadbirlar katta iqtisodiy samara beradi va ekologik vaziyat muvozanatini yaxshilaydi.

O‘zbekiston Respublikasining “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonunida o‘rmonlarni qo‘riqlash, muhofaza qilish, ko‘paytirish, qayta tiklash, foydalanish mahsuldorligini oshirish kabi masalalarni hal qilish mezonlari belgilab berilgan. Afsuski, o‘rmonchilik tizimida o‘rmonni qo‘riqlash va uni muhofaza qilish ishlari ayrim hollarda ko‘r-ko‘rona amalga oshirib kelinayotgani ko‘ngilni xira qiladi.

Bu borada eng katta muammolardan biri – mamlakatimiz o‘rmonlari hozirgi zamon talablari asosida inventarizatsiya qilinmaganida. Ya’ni, milliardlab so‘m miqdoriga teng bo‘lgan o‘rmonlar hisobga olinmagani achinarlidir. Vaholakni, o‘sib turgan har bir daraxt, ko‘chat hisobga olinishi va qiymati bilan kirim qilinishi lozim. Shundagina biz nimani qo‘riqlayotganimiz va muhofaza qilishimiz ayon bo‘ladi. Shu bois, har yili mamlakatimizda ekilayotgan va o‘sib turgan millionlab tup ko‘chatlar, daraxtlar nobud bo‘lmoqda.

Eng yomoni, har yili ekilishi kerak bo‘lgan 42 ming gektar maydondagi o‘rmonlar oxirgi 25 yil davomida to‘liq ekilmasdan qoldi. Ko‘pincha qum-sahro hududlarda ekildi-yu qovjirab qolgach, hisobdan chiqarib tashlandi.

E’tiboringizni bir holatga qaratmoqchiman. Bir yoki ikki dona o‘sib turgan daraxtni kesgan odam ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi, ammo gektarlab o‘rmonni ekmagan mas’ul shaxslar javobgarlikka tortilmaydi. Bularga ajratilgan mablag‘ qayerga ketgani bilan ham hech kimning ishi yo‘q.

Endi kamchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki, davlat muhofazasida bo‘lgan umummilliy boylikning aniq soni, miqdori va sifati bo‘lishi, nazoratdan chetda qolib ketadigan mulk esa bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun faqat o‘rmon xo‘jaliklarida emas, balki shu sohaga ixtisoslashgan barcha xo‘jaliklarda ekilgan ko‘chat va o‘sayotgan daraxtlar sonini, sifatini, ularning maydonini hisobdan o‘tkazib borish, qattiq nazorat o‘rnatish maqsadga muvofiq.

Ta’kidlash joizki, mazkur sohada shu paytgacha ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik faoliyat tarzi va sohani boshqarish usullari ilmiy-amaliy jihatdan chuqur o‘rganilmagani oqibatida bunday xato va kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmadi. Vaholanki, bugun dunyo miqyosidagi kuchli raqobat sharoitida hech bir soha ilmiy-amaliy tahlillarsiz rivojlana olmaydi.

Har qanday sohani taraqqiyotga eltadigan yoki tanazzulga tortadigan asosiy omil – kadrlarning joy-joyiga qo‘yilishi. Biroq yaqin yillargacha o‘rmon xo‘jaligi uchun mutaxassis kadrlarni tayyorlash va ularni rahbarlik lavozimlariga tayinlashga ko‘pincha panja ortidan qarab kelindi. Oqibatda, ko‘p hollarda o‘rmonga hech qanday aloqasi bo‘lmagan, o‘rmondan ko‘ra shaxsiy manfaatini o‘ylaydigan odamlar tuman, viloyat, hatto respublika miqyosida ishlab keldi. To‘g‘risini aytganda, o‘rmon xo‘jaligi bo‘limlarida islohotlar ta’siri sezilmadi.

O‘rmon xo‘jaligi noyob xususiyatlarga ega soha. Uning tarkibida juda muhim ish turlari shunchalik ko‘pki, ularni boshqa har qanday soha xususiyatlari bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Bu xo‘jalik o‘ziga xos alohida boshqaruv texnologiyasini talab qiladi.

Bir qarashda o‘rmon harakatsiz, sokin, osoyishta, qorong‘u makondek ko‘rinadi. Ammo uning ichida bir-birining hisobidan yashaydigan daraxt va butalar, mikroorganizmlar, hasharotlar, qushlar, hayvonlar birikmasidan iborat murakkab tabiiy hayot mavjudki, uni o‘rganishning o‘zi katta bilim talab qiladi.

O‘rmonlarni qo‘riqlashni tashkil qilishda ham anchagina kamchiliklar bor. O‘rmon qorovul-nazoratchilari zimmasiga asossiz ravishda 3-10 ming gektar va ayrim hollarda undan ham ko‘p o‘rmon maydonlari topshirib qo‘yildi. Bu ularning jismoniy qobiliyatiga mutlaqo mos kelmaydi. Ular yetarli miqdorda transport, ot-ulov, qurol-yarog‘, aloqa vositalari kabi zarur uskunalar bilan ta’minlanmagani ham achchiq haqiqat. Ular xizmat burchlarini bajarayotgan vaqtda ovqatlanishi, dam olishi va ish yuritishi uchun qurilgan boshpana yoki binoni ham o‘rmon xo‘jaliklarida kam uchratasiz. Mana, katta o‘rmon maydonlarini sifatli qo‘riqlash va muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolarning ildizi qayerda.

O‘rmonchilarning oylik ish haqi ham pastligicha qolmoqda. Buni qayta ko‘rib chiqish vaqti allaqachon yetib kelgan. “O‘rmonchilar kuni” bayramini va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘rmonchi” faxriy unvonini qayta tiklash o‘rmonchilarning orzusi.

Bugungidek shiddatli islohotlar davrida har qanday soha innovatsiyalarsiz taraqqiyotga erisha olmaydi. Shunday ekan, o‘rmon xo‘jaligini ham barqaror rivojlantirish o‘rmonlar mahsuldorligini oshirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarur.

Shu paytgacha qishloq hududlarida ixota o‘rmonzorlari barpo qilish ishlariga panja orasidan qaralgani oqibatida yerosti zax suvlari ko‘tarilib, tuproq sho‘rlanishi ko‘payib ketdi, uning meliorativ holati yomonlashdi, ekinlarning hosildorligi pasaydi. Endi sug‘oriladigan hududlarda dala ixotazorlari barpo qilishni kuchaytirish, irrigatsiya kanallari va obyektlarini, avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish lozim. Agar bu hududlarning o‘rmon ixotazorlari bilan qoplanish darajasi 6-8 foizga yetkazilsa, qishloq ekinlarining hosildorligi 15-20 foizga oshadi, ko‘p miqdordagi suv tejaladi. Bu bilan nafaqat hosildorlik oshib, iqtisodiy samaradorlik yuksaladi, balki qishloq xo‘jalik hududlarining qiyofasi shunchalik o‘zgarib ketadiki, go‘zal o‘rmon landshafti barqarorligiga erishiladi. Bu esa odamlarning turmushiga, sog‘lig‘iga, mehnat unumdorligi oshishiga va kayfiyati yuqori bo‘lishiga ijobiy ta’sir qiluvchi muhim omildir.

Abduxalil Qayumov,
Toshkent davlat agrar universiteti professori.

O‘zA
5 766