O‘zA O`zbek

02.03.2018 19:34 Chop etish versiyasi

Bitiruvchilar bandligi ta’minlanadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bugunning o‘zida har bir bitiruvchini aniq bir tashkilotga biriktirishni ta’minlash bilan birga, uning bo‘lajak ish joyi, ishlashi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash zarur.

Ayni paytda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2017/2018 o‘quv yili bitiruvchilarini korxona, tashkilot va muassasalarga ishga taqsimlash hamda joylashtirish jarayoni qizg‘in tus olgan.

Bitiruvchilar bandligini kafolatli ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan bitiruvchilar yarmarkasi ana shular jumlasidandir. O‘tkazilayotgan ushbu tadbirda 1,5 mingdan ziyod bakalavriat va 100 ga yaqin magistr ishtirok etdi.

Mazkur yarmarka bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga, bo‘lajak mutaxassislarni ish beruvchilar bilan tanishtirishga ko‘maklashadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar, Madaniyat, Maktabgacha ta’lim, Mudofaa vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, hududiy hokimlik vakillari, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari rahbarlari hamda boshqa tashkilotlarning bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha takliflari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular bilan uch tomonlama shartnomalar tuzildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
5 086