O‘zA O`zbek

17.07.2018 18:07 Chop etish versiyasi

Bir necha yillik sarsonlikdan keyin tadbirkor talabi qondirildi

Bir necha yillik sarsonlikdan keyin tadbirkor talabi qondirildi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yashovchi Muhabbat Nusratova yoshligidan momomeros hunarlar – kashtachilik, tikuvchilik bilan shug‘ullanib keladi. Vaqt o‘tib farzandlar ulg‘aygach, qizlari, nabirayu kelinlari ham uning izidan bordi. Yaratilayotgan qulay imkoniyatlardan foydalanib, qo‘li gul hunarmand faoliyatini oilaviy tadbirkorlikka aylantirdi.

2000 yilda tashkil etilgan “Farhod MN” oilaviy korxonasida tikilgan kashtalar, iroqi do‘ppilar, so‘zanalar ko‘plab tanlovlarda g‘olib bo‘ldi. Hunarmand opa faoliyatini kengaytirib matras, ko‘rpa, choyshablarni ham tika boshladi. Buyurtmalar ko‘payishi bilan ish hajmi va ishchilar soni ham ortdi. Hovlining torligi mijozlarga ham noqulaylik tug‘dirardi. Shu bois, Muhabbat opa maxsus joy qidirish tashvishiga tushdi.

3.jpg

– 2015 yil tuman hokimligiga joy so‘rab murojaat qildim, – deydi Muhabbat Nusratova. – Tuman hokimi uyga kelib sharoitni ko‘rgach, ilgari mehmonxona bo‘lgan va keyinchalik qarovsiz yotgan binoning bir qismini taklif qildi. U joyda ishlash uchun hech qanday sharoit yo‘q edi. Bizga ajratilgan binoni ta’mirladik. 500 metr masofadan elektr energiyasi tortib keltirdik, binoga o‘tish uchun ariq ustiga beton plita yotqizib, ko‘prik qildik. Shu yerda 2018 yilgacha ijara shartnomasi asosida faoliyatimizni yuritdik. 20 ish o‘rni yaratildi. Endi ishlarimiz rivojlana boshlaganda profilaktika inspektorlariga uy qilib beramiz, deb binodan chiqib ketishimizni aytishdi. Tabiiyki, men rozi bo‘lmadim. Axir, bu yerga ozmuncha xarajat qildik-mi? Shundan so‘ng portalga yozdim. Mutasaddilar murojaatimni o‘rganib chiqib, qilgan ishlarimni ko‘rib, o‘sha binoning bir qismi sizga, devor bilan aylantirib oling, deyishdi. Men bunga ishondim. Yana xarajat qilib, devor ko‘tardim. Bu ishlar yakunlangach, birozdan so‘ng tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va boshqalar kelib, binoning aynan men obod qilgan qismini olishini aytishdi. Qancha urinmay, foydasi bo‘lmadi. Ilojim yo‘q. Mulk davlatniki edi. Binoni olishdi. Kuyib qolaverdim.

Ishdan qo‘lim sovidi. Hamma narsani buzib, uyga olib keldik. Hafsalam pir bo‘lgan edi. Boshqa bu ish bilan shug‘ullanmayman, hammasini to‘xtaman, derdim o‘zimga o‘zim. Lekin ishchilarim va oila a’zolarim dalda berishdi. Hovli to‘ridagi og‘ilxonani ta’mirlab, o‘sha yerga uskunalarimizni joylashtirdik. Buyurtmalar ko‘p edi. Ko‘p qismini ishchilar uyiga olib ketib, tikib kela boshladi. Ilojsiz, noqulay sharoitda – og‘ilxonada ishni davom ettirdik va hamon shunday ishlayapmiz.

4.jpg

Albatta, bu orada murojaat qilmagan joyim qolmadi. Viloyat hokimigacha bordim. Chunki bizga sex uchun joy zarur edi. Shunday to‘xtab qololmasdim. Har safar “Bo‘ldi opa, sizga joy ajratamiz”, deyishadi. Ammo hal bo‘lmaydi. Yaqinda, may oyida viloyat hokimligi boshchiligida tumanimizda kengaytirilgan sayyor qabul bo‘ldi. Yana umid bilan qatnashdim. Viloyat prokurori qabuliga kirdim. Dardimni aytdim. Barcha hujjatlarimni taqdim qildim. Boshida ular ishonishmadi. Ishim bilan tanishgani guruh yubordi. Uyimga kelib, qanday sharoitda ishlayotganimni, hatto ishchilarimning mehnat daftarchasigacha ko‘rishdi. Shundan so‘ng viloyat prokurori shu yerning o‘zida tumanimiz markaziga yondosh hududda barpo etilayotgan namunali massivdan 3 sotix yer ajratish to‘g‘risida mas’ullar bilan birgalikda qaror chiqarib berdi. O‘zimda yo‘q xursand bo‘ldim.

U yerda sex uchun bino qurish maqsadida hujjatlarni tayyorlay boshladim. Og‘zim kuygani uchun hali ham ishonmasdim. Aytganimdek, tuman kadastr idorasi “Yerni tanlov asosida olishingiz lozim, bunday tartibda sizga yer ajrata olmaymiz”, deb qaytardi. Tuman arxitektori esa xulosa chiqarib berishdan bosh tortdi. Qo‘limda esa qaror. Hayratdan yoqa ushladim. Yana qayta viloyat prokurori huzuriga bordim. Nihoyat, qancha gap-so‘zlardan keyin zo‘rg‘a tuman mutasaddilari hujjatlarimga imzo qo‘yishdi. Qurilishni boshlab yubordik.

Endi ko‘nglimiz to‘q. Bugunmi-ertami sex binosini bitiramiz. Harholda, u yer shaxsiy mulkimiz bo‘ladi. O‘zimiz xohlaganday erkin faoliyat yuritamiz. Keyingi paytlarda hech narsaga ishonmay qo‘ygan edim. Adolat bor ekan. Murojaatimiz hal bo‘ldi. Buning uchun biz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlayotgan, ishlashimiz uchun barcha sharoitu imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizdan juda minnatdormiz.

Darhaqiqat, bugungi kunda “Farhod MN” oilaviy korxonasida 12 kishi doimiy mehnat qilmoqda. Chevarlar qo‘lida tikilgan 24 turdagi xaridorgir mahsulotlar ichki bozorga chiqarilmoqda. Ahil jamoaning kelgusida mo‘ljallagan istiqbolli reja va maqsadlari ko‘p. Sexning yangi binosi qurib bitkazilgach, faoliyat yanada kengaytiriladi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Mahsulot turi ko‘payadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA
2 666