O‘zA O`zbek

23.05.2018 16:45 Chop etish versiyasi

Biologik xilma-xillik – muhim hayotiy manba

Mamlakatimizdagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar: 8 ta davlat qo‘riqxonasi, 1 ta davlat biosfera rezervati, 2 ta tabiat milliy bog‘i, 10 ta davlat buyurtma qo‘riqxonasi, 6 ta tabiat yodgorliklari, 3 ta yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar hayvonot va o‘simlik dunyosi bus-butunligini, ekotizimlar barqarorligini saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlar guruhi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ana shular alohida qayd etildi.

22 may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlangan “Barqaror rivojlanish uchun biologik xilma-xillikni saqlashning muhimligi va ahamiyati” mavzuidagi davra suhbatida insoniyatning tabiat jarayonlariga aralashuvi atrof-muhitning ma’lum ma’noda tiklab bo‘lmas darajaga kelishi va fojiali oqibatlarning paydo bo‘lishiga olib kelayotgani ta’kidlandi.

– Biologik xilma-xillik ham jahon hamjamiyati uchun, ham har bir davlat uchun muhim hayotiy manba hisoblanadi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekoharakat deputatlar guruhi a’zosi Islom Xushvaqtov. – U iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning tabiiy ne’matidir. Uni saqlash va undan samarali foydalanish inqirozsiz rivojlanish uchun zarurdir. Bioxilma-xillikni asrash, himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash kelajak avlodlar iqtisodiy-ijtimoiy fondiga hissa qo‘shish deganidir.

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida, xususan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish bo‘yicha munosabatlarni tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza yaratilgan. 30 ga yaqin muhim qonunlar va yuzlab qonunosti normativ hujjatlar qabul qilingan.

Davra suhbatidabiologik resurslardan foydalanishning amaldagi tartibi va sohadagi muammolar, ularning yechimi hamda tabiatdan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish kabi masalalar muzokaralar markazida bo‘ldi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
3 802