O‘zA O`zbek

12.06.2019 16:57 Chop etish versiyasi

Bilmayin bosdim tikanni...

Bilmayin bosdim tikanni...

Bag‘rikenglik 

Prezidentimizning 2019 yil 3 iyundagi “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonini xalqimiz nihoyatda katta xursandchilik bilan kutib oldi.

Mazkur hujjatga muvofiq, afv etilgan fuqarolarni hayotga qaytarish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida Qashqadaryo viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziev bir guruh afv etilgan fuqarolarni qabul qildi va ular bilan yuzma-yuz gaplashib, muammolarini tingladi. Hayotda o‘z o‘rnini topishi va munosib hayot kechirishi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Masalan, kitoblik Nodirbek Rahmatov 27 yoshda yo‘ldan adashib, turli buzg‘unchi oqimlarga qo‘shilib qolgani bois umrining eng gullagan uch yilini mahkumlikda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Bu muddat ichida u qilgan xatolarini tushunib yetdi. Chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, afv etishlarini so‘radi. Ozodlikka chiqib, oilasi bag‘riga qaytdi. Muloqotda u tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirib, kredit mablag‘i so‘radi. Viloyat mutasaddilari uning iltimosini o‘rganib chiqish va ijobiy hal etishga va’da berdi.

– Prezidentimizdan benihoya minnatdormiz, bizni hayotga qaytardi, – deydi N.Rahmatov. – Endi hech qachon yo‘limdan adashmayman. Ko‘r ham hassasini bir marta yo‘qotadi. Menga bildirilgan bu ishonchni oqlayman. Halol ishlab, jamiyatimiz rivojiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman. Mana bugungi qabulda chorvachilikni rivojlantirish uchun 10 million so‘m kredit so‘radim. Viloyat hokimi murojaatimni hal qilib berdi. Bu pulga qo‘y sotib olaman. Tadbirkorlik qilib, oilam farovonligi yo‘lida sidqidildan ishlayman. 

Hayotda hamma ham adashadi, qoqiladi. Ko‘pchilik bunday to‘siqlarni iroda va qat’iyat bilan yengib o‘tadi, kimdir yengilroq yo‘l axtaradi. Lekin hammamiz ham inson. Sen yomonsan deya, yuziga qora bo‘yoq chaplab, mahkumlikka bandi etish bilan hech narsaga erishib bo‘lmas ekan. Kechirimlilik, bag‘rikenglik xalqimizga xos azaliy qadriyat. Kitoblik Umidjon Gadoev ham hayotning mana shunday o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarida adashganlardan. Xorijga ishlashga ketib, yovuz niyatli oqimlar ta’siriga tushib qoldi. Shu tufayli 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Davlatimiz rahbarining farmoni bilan u ham kechirildi. Muddatidan 3 yilu 15 kun oldin oilasi davrasiga qaytdi.

– Hayotimda yangi sahifa ochildi, – deydi U.Gadoev. – Ota-onam erta o‘tib ketishgan. Bir singlim bor edi. U ham turmushga chiqib ketibdi. Men yo‘qligimda hovlimiz egasizlikdan qarovsiz holga kelib qolibdi. Birinchi navbatda uyni ta’mirlab, yangi uy solaman. Keyin uylanib, oila quraman. Bugun viloyat hokimi bilan uchrashuvda chorva qilish uchun kredit va yer so‘radim. Bu masala shu yerning o‘zida hal bo‘ldi. 2 gektar yer va 30 million so‘m mablag‘ ajratildi. Uyimni ham ta’mirlashga yordam beriladigan bo‘ldi. Rosti, hayotimda bo‘layotgan bunday xayrli ishlarga hali ham ishongim kelmayapti. Prezidentimizning bag‘rikengligi tufayli afv etilib, ozodlikka chiqishim, qolaversa, chorva parvarishi uchun yer, mablag‘ berilishi, uyimizning ta’mirlanishi xuddi tushga o‘xshaydi. Bunday g‘amxo‘rliklarni ko‘rib, qilgan xatoimdan shu qadar pushaymonmanki, vijdonim oldida hamon hisob berayapman. Davlatimiz rahbarining bizga bildirgan ishonchlarini albatta oqlayman.

Muloqot davomida 23 nafar afv etilgan fuqaro qabul qilindi va deyarli barchasining murojaati ijobiy hal etilib, muammo va kamchiliklari bartaraf etildi.

O‘.BAROTOV, O‘zA
693