O‘zA O`zbek

31.12.2017 18:27 Chop etish versiyasi

Bilaman, ota-onam tirik, lekin yonimda emas ...

Bilaman, ota-onam tirik, lekin yonimda emas ... Uzoq kutilgan bayram – "Prezident archasi" tantanalari Navoiy viloyatida ham zo‘r ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilmoqda.

Viloyat markazida o‘tkazilgan bayram tadbiriga Navoiy shahridagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiylar farzandlari taklif etilib, Yangi yil sarguzashtlari va turli ertak qahramonlari ishtirokida tomoshalar tashkil etildi.

– Prezidentimizning mehri va e’tibori bilan hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘aymoqdaman, – deydi Navoiy shahridagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Shakar Yuliyeva. – Yangi yilda Qorboboga shunday mazmunda xat yo‘lladim: "Bobojon, turli ertak kitoblari ham kerak, lekin eng muhimi, ota-onam, do‘stlarim sog‘-salomat bo‘lsa bas. Bilaman, ota-onam tirik, biroq men bilan birga emas. Bugun Prezident archasi tantanasida tengdoshlarim ko‘zidagi xursandchilikni ko‘rib men ham quvondim. Otajon, onajon, afsus, shunday kezlarda yonimda bo‘lsangiz, boshqa hech narsa so‘ramas edim sizlardan. Lekin men xursandman, chunki, meni nari tur demasdan, ajratmasdan, e’zozlayotgan, boshimni silab sovg‘alar berayotgan Prezidentim bor. Men u kishi istagandek zo‘r odam bo‘laman. O‘shanda balki ota-onam meni yo‘qlab qolar-a, bobojon? Bobo, nasib qilsa, o‘shanda men sizga ko‘p sovg‘alar beraman, ularni ota-onasi tashlab ketgan bolalarga berasiz. Hozir esa o‘tinchim, ota-onam sog‘-salomat bo‘lsin".



Navoiy shahrida tashkil etilgan tantanalarda viloyat hokimi Q.Tursunov 225 nafar bolaga Prezident sovg‘alarini topshirdi. "Prezident archasi" tadbirlari, shuningdek, Zarafshon shahri va boshqa tumanlarda ham o‘tkazildi. Navoiy viloyatidan 344 nafar o‘g‘il-qiz Prezident sovg‘asidan bahramand bo‘ldi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
5 784