Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.03.2018 17:34 Chop etish versiyasi

Bekatlar aholi uchun qulaymi?

Bekatlar aholi uchun qulaymi?
Kutamiz olisdan kelayotgan yashil avtobusning peshonasiga nigohlarimizni umidvor qadab kutaveramiz...

Kundalik hayotda ko‘pchiligimiz jamoat transportlaridan foydalanamiz. Hayot bu – kutish. O‘ta falsafiy gap bo‘lsa-da, qaysidir ma’noda haqiqat bor bunda. Chunki, goh qaysidir idora ostonasida, goh shifoxonada, ba’zan rahbar qabulxonasida kutib vaqt o‘tkazamiz. Kimdir baxti ochilishini, kimdir ertangi kuni yaxshi bo‘lishini, kimdir farzand kutadi. Ko‘pchiligimiz esa bekatda avtobus kutamiz. Olisdan kelayotgan yashil avtobusning peshonasiga nigohlarimizni umidvor qadab kutaveramiz...

So‘ngi paytda poytaxtimizning markaziy ko‘chalarida ajabtovur oynavand bekatlar paydo bo‘ldi. Yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan: yumshoq o‘rindiqlar, isitish va sovutish moslamalari, shu yo‘nalishda qatnaydigan transport vositalarining elektron ro‘yxati, WiFi tarmog‘i, telefon aparatlariga quvvat beruvchi moslamalar mavjud bunday bekatlar afsuski, ko‘p emas.

Masalan, Izza mavzesi va Toshkent markaziy Univermagi yo‘nalishida qatnaydigan 13-avtobus yo‘nalishidagi ko‘plab bekatlarda yo‘lovchilar uchun umuman qulaylik yo‘q. Hatto ayrim joylarda bekatning o‘zi ham yo‘q. Bekatlarning tozaligi haqidaku gapirmasa ham bo‘ladi. 

photo5282892517081197357.jpg

Endi bir tasavvur qiling: yo‘lovchi bekatda tik oyoqda turib, 20-30 minutlab avtobus kutsa, qancha jig‘ibiyron bo‘ladi. Kayfiyati buziladi. Bu uning ish unumdorligiga, o‘qishiga ta’sir qilmaydi deb kim kafolat bera oladi. Agar shunday vaziyatda yog‘ingarchilik bo‘lsa-chi? 

photo5282892517081197358.jpg

– Chamasi 20 daqiqadan beri avtobus poylab turibman qizim, – deb gap boshladi O‘g‘iloy aya Qudratova. – Yoshim o‘tganigami yo yomg‘irli kun bo‘lgani uchunmi bir oz madorim qurib turibdi. O‘tiray desam joy yo‘q. 

photo5282892517081197359.jpg

Yuqorida Toshkent ko‘chalarida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega oynavand ham borligini aytdik. Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor: bunday bekatlar do‘kon bilan qo‘shib qurilgan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, do‘kondor kelib do‘konini ochmagunda bekatga kirolmaysiz. 

photo5282892517081197360.jpg

– Avtobuslar to‘xtaydigan joylardagi bekatlarning talabga javob bermasligi nafaqat yo‘lovchiga, balki haydovchilarga ham noqulayliklar keltirib chiqaradi, – deydi 13-avtobus haydovchisi (ism-familyasini aytishni istamadi). – Bekatlar yo‘qligi haydovchini chalg‘itadi. To‘xtash lozim bo‘lgan joylar ba’zan turli mashinalar bilan band bo‘ladi. Bu esa ayrim hollarda yo‘l transport hodisalarini, to‘qnashuvlarni keltirib chiqarmoqda.

photo5282892517081197361.jpg

Go‘zal Sattorova, O‘zA
4 236