O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:04 Chop etish versiyasi

Bayramlar og‘ushidagi Marg‘ilon

Bayramlar og‘ushidagi Marg‘ilon

Yangi tashkil etilgan “Farg‘ona press klubi”ning navbatdagi sessiyasi chet ellik ijodkorlar va olimlar ishtirokida “San’atlar uyg‘unligida folklorning o‘rni” mavzusini muhokama etdi. Unda Koreya, Yaponiya, Eron, Hindiston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkiya kabi bir necha mamlakatlardan kelgan folklorshunos mutaxassislar, yakka ijrochilar va dastalarning vakillari qatnashdilar.

Turkiya musiqasi uning folklori kabi butun dunyoga mashhur. U sharq va g‘arb folklor san’ati chorrahasida paydo bo‘lgan, desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Turk folklorida Markaziy Osiyo xalqlarining musiqalari, sho‘x arab musiqasi ohanglari, Gresiyaning falsafiy musiqasi, Bolqon kuylarining jamoaviy ohanglari uyg‘unlashgan. Festival ishtirokchisi bo‘lgan turkiyalik san’atkorlar Ozuman Kirgiz, Aksunger Bunnamin va Kilik Ejder O‘rkin o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdilar.

2.JPG

Qadimiy Koreyada “Pxegvan” degan lavozim bo‘lib, u xalq og‘zaki ijodini yig‘ib, yozib, ijro etib yurgan. Afsuski, bunday vazifani bajargan insonlar ijodi namunalari 12-13 asrlargagina daxldor bo‘lgan. Biz Koreya folkloridan tug‘ilish va o‘lim, yomg‘irga ibodat, kasallikni haydash kabi mavzularda yaratilgan ko‘plab qo‘shiq va raqslarni bilamiz. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi hosildorligi, mavzusi ham alohida o‘rin tutgan. Festival ishtirokchilari orasidagi koreyalik folklor musiqa ijrochilari Park Xuejin va Le Xijinlar koreys qo‘shiqchiligida qadimiy folklor an’analarining ta’siri haqida gapirdilar.

21.JPG

O‘zbek va Markaziy Osiyo xalqlariga eng yaqin folklor san’ati bu shubhasiz, hind an’anaviy qo‘shiqchiligidir. Xalqimiz bolalikdan hind xalq qo‘shiqlarini tinglab katta bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Hind folklori aslida juda murakkab janr. U yuksak ijro mahoratini va qo‘shiqchining ovozidagi nafislikni talab etadi Shuning uchun ham hind folklori 20 asrga kelib, Yevropa va Amerikani ham zabt etdi. Hindistonlik musiqashunos olim Yashvand Parasar hind folklorining boshqa xalqlar san’atiga ta’siri haqida gapirdi.

Festivalimiz ishtirokchilaridan yana biri kino san’atida yaratgan yorqin obrazlari bilan yodda qolgan Tojikiston xalq artisti Sayram Isaevadir. U tashkil etgan “Bibilar” fol’klor ansamblining dovrug‘i tez tarqaldi.

–Men nafaqaga chiqqach, yoshligimdagi orzuyimni amalga oshirdim, - deydi Sayram Isaeva. – Dastlab “Bibilar” ansambliga iqtidorli ayollarni to‘pladim. Biz xalq qo‘shiqlari, laparlari, aytishuvlaridan iborat dastur tuzdik. Hozir safimizga yosh ijrochilar ham qo‘shilishgan.

28.JPG

Men dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman. Lekin hech bir davlatda fol’klor san’atini rivojlantirishga bu qadar e’tibor berilganini bilmayman. Tashkilotchilarga katta rahmat.

–Yapon fol’klori o‘zining murakkabligi bilan ajralib turadi, – deydi yaponiyalik ijrochi va olim Ivamato Kuoko. – U xalq ertaklariga asoslangan bo‘lib dramaturgiya qoidalari mavjud. Shuningdek, buddizm an’analari, yovuz ruhlarni haydash, shahar va qishloq hayoti sahnalariga quriladi. Bugungi sharq folklor san’atida Yaponiya folklorining o‘rni katta.

Shu daqiqalarda qirqqa yaqin olimlar ishtirokida “Buyuk ipak yo‘lida folklor san’atining rivojlanish jarayonlari” mavzuidagi xalqaro ilmiy –amaliy konferensiya ishi davom etmoqda.

Muhammadjon OBIDOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

O‘zA
447