Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.05.2018 10:05 Chop etish versiyasi

Bayram yangi xotira xiyobonida nishonlandi

Bayram yangi xotira xiyobonida nishonlandi Buxoro shahrida bu yil Xotira va qadrlash kuni yangi barpo etilgan Xotira xiyobonida nishonlandi.

Xiyobonda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat va Buxoro shahar bo‘limlarini o‘z ichiga olgan “Nuroniylar maskani”ham barpo etildi.

Yetti oyda qurib, bitkazilgan Xotira xiyoboni to‘rida Motamsaro ona haykali o‘rnatilgan. Xiyobonning turli nuqtalarida usti yopiq ayvonlar qurilgan. Bu esa xiyobondagi “Xotira kitobi”ga nomlari bitilgan yaqinlarini yodga olish, ularga hurmat bajo keltirish uchun keladiganlar uchun juda qulay. 

3.jpg

Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi hamda Xotira xiyobonining ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Ikkinchi jahon urushida 74 mingdan ziyod buxoroliklar qatnashgan. Afsuski, ularning 35 mingdan ortig‘i Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan. Qabrlari qirg‘inbarot janglar kechgan o‘lkalarda qolib ketgan. Bu fidoyi insonlarning yodi xalqimiz qalbida abadiy saqlanib qoladi. Ularning ism-sharifi maydondagi “Xotira kitobi”da zarhal harflarda bitilgan. 

4.jpg

Motamsaro ona haykali – urushni qoralab, yurtga tinchlik-omonlik tilayotgan millionlab onalarimiz timsoliga aylangan.

Tadbirda yurtimiz tinchligi va ertasi uchun janggohlarda jasorat ko‘rsatgan otaxonu onaxonlar e’zozda ekanligi ta’kidlandi.

– Urushga ketganimda 18 yoshda edim, – deydi 92 yoshli Norboy ota Qarshiyev. – Bosqinchilarga qarshi har qarich yer uchun dahshatli janglarda ishtirok etdim. Qanchadan-qancha safdoshlarim halok bo‘ldi. Ha, g‘alabaning o‘zi kelmagan. Nevaralarim, siz bilan faxrlanamiz, desa quvonib ketaman. Turmushimiz farovon, davlatimiz keksalarga doimo g‘amxo‘r. Bayram arafasida Prezidentimizning tabriknomasi, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘asini oldim. E’tibordan boshim osmonga yetdi. Shunday yurtda yashayotganimga shukr.

Marosimda davlat organlari, mehnat jamoalari vakillari Motamsaro ona yodgorligi poyiga gullar qo‘ydi.

6.jpg

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) O‘zA
2 791