Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.01.2018 12:05 Chop etish versiyasi

Bayram harbiy-sport avtomobillar namoyishi bilan boshlandi

Bayram harbiy-sport avtomobillar namoyishi bilan boshlandi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Jizzax viloyati kengashi tomonidan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bu yil o‘zgacha nishonlandi. Bayram oldingi yillarda bo‘lgani kabi yig‘ilishdan emas, avtomobil maktabining ochiq maydonida harbiy aslaha va anjomlar, harbiy xizmatchilar libosi, qidiruv-qutqaruv vositalari, harbiy-sport avtomobillari hamda mototsikllari namoyishi bilan boshlandi.

Harbiylar, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari, 29-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar vakillari ko‘rgazmani katta qiziqish bilan tomosha qildi. 



– Tashkilotimiz maktab va klublarida harbiy kasblarga o‘qitish, harbiy sport turlarini ommalashtirish bilan birga yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilayotir, – deydi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Sh.Tursunboyev. – Shu maqsadda Vatan himoyachilari kuni va mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligiga bag‘ishlab turli madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlari o‘tkazildi. Faxriylar, harbiy xizmatchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tayotgan tadbirlar yoshlarning Vatanimiz mudofaa qudratini mustahkamlashda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqidagi bilimini yanada boyitmoqda. 



Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti viloyat, tuman va shahar kengashlari, tizimdagi avtomobil maktablari va sport-texnika klublarining bir guruh xodimlari, kursantlar, sportchilar faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
13 511