Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 18:35 Chop etish versiyasi

Barqaror ma’naviy muhit – taraqqiyot omili

Farg‘ona viloyatida ham mahalla va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Marg‘ilon shahrida tashkil etilgan shunday tadbirda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, imom-xatiblar, profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mahallaning vazifa va vakolatlari doirasi kengayib, hayotimizdagi o‘rni va ta’siri ortib borayotgani, joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim institutiga aylangani ta’kidlandi.

Hozirgi globallashuv jarayonida “ommaviy madaniyat” niqobi ostida milliy qadriyatlarimizga zid g‘ayriaxloqiy qarashlarni targ‘ib etishga, tinch va osoyishta hayotimizga raxna solishga urinishlar bo‘layotgani sir emas. Bunday mafkuraviy xurujlarga qarshi kurashishda ijtimoiy-ma’naviy muhit sog‘lomligi, aholining yuksak huquqiy madaniyati ishonchli to‘siq bo‘la oladi.

Viloyat hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan tadbirlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, diniy aqidaparastlik, turli ma’naviy tahdidlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir. Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi vazifalar atroflicha muhokama qilinmoqda.

Yig‘ilishda uzoq muddatga xorijga ishlash uchun chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolari, profilaktik ro‘yxatda turuvchi shaxslarning yaqinlari bilan bevosita muloqotda bo‘lish, ularning ahvolidan xabar olish, mavjud muammolarini bartaraf etish, ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

– Navqiron avlodni milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan turli g‘oyalar va “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan asrash, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashda mahalla tuzilmasining alohida o‘rni bor, – deydi Ma’naviyat targ‘ibot markazi Marg‘ilon shahar bo‘limi rahbari M.Yo‘ldosheva. – Bu borada joylarda o‘tkazilayotgan turli uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etayotir. Bugungi tadbirda ham diniy ekstremistik oqimlar va missionerlik faoliyati ta’siriga tushib qolishning oldini olish, yoshlarni turli yot g‘oyalar, mafkuraviy xurujlardan asrash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

Seminarda mavzuga oid hujjatli film namoyish etildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 843






Все о погоде - Pogoda.uz