Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 14:35 Chop etish versiyasi

Barkamol yoshlar – yurt kelajagi

Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta o‘zlashtirishi, iste’dod va salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham mazkur qonun ijrosini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida badiiy, xalq va havaskorlik ijodiyotini targ‘ib etish, teatr, musiqa, estrada, tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy faoliyati uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Madaniyat va aholi dam olish markazlari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni madaniyat va san’at to‘garaklariga jalb etishda yuksak samaralar bermoqda. Ushbu maskanlardagi 183 to‘garakda 2 ming 700 ga yaqin yoshlar bilim va mahoratini oshirmoqda. Zamonaviy me’morchilik andozalari asosida yangidan bunyod etilgan Qorao‘zak tumanidagi “Madaniyat”, Ellikqal’a tumanidagi “Ellikqal’a”, Xo‘jayli tumanining Oybek nomidagi, Amudaryo tumanidagi “Choyko‘l” singari ovul madaniyat va aholi dam olish markazlarida yoshlarning iste’dodini rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan.

Yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, qiziqish va intilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida vazirlik tasarrufidagi teatr-konsert tashkilotlari, muzeylar va sport maktablari, tuman, shahar madaniyat bo‘limlari tomonidan turli festivallar, ko‘rik-tanlov va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Buning samarasida yoshlar turli ko‘rik-tanlov va festivallarning mamlakat bosqichida sovrindorlar qatoridan joy olmoqda. O‘tgan yili “Yagonasan, muqaddas Vatan!” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida Gulmira Sultanmuratova ikkinchi o‘rinni egalladi. “Yoshlik zavqi” balet va zamonaviy raqs ijrochilarining respublika festivalida Qajimuxan Jalg‘asboyev “Original g‘oya uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. “Onam aytgan allalar” festivalida Chimboy tumanining “Besperde” folklor-etnografik xalq jamoasi “Eng yaxshi urf-odat va an’analar targ‘ibotchisi” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi. “Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilarining respublika ko‘rik-festivalida Qorao‘zak tumani “Ming tumen” folklor-etnografik xalq jamoasining badiiy rahbari Salamat Berdanov muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat musiqali teatri, Sapar Xo‘janiyozov nomidagi qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri, Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatrida sahnalashtirilayotgan spektakllarda iste’dodli yoshlar ustoz-shogird an’analari asosida mahoratini oshirmoqda. Mazkur teatrlarning ijodiy jamoalari Qo‘ng‘irot, Shumanay, Qanliko‘l tumanlarida gastrol safarlarida bo‘lib, hayot so‘qmoqlari, yoshlarning turmush tarzi, muammolari aks ettirilgan asarlarini namoyish etdi.

Har yili o‘tkazilayotgan havaskor teatrlar, drama jamoalari va qo‘g‘irchoq teatrlarining festivalida iqtidorli yoshlar kashf etilmoqda. Chimboy tumanidagi Yu.Mamutov nomidagi xalq teatri tomonidan sahnalashtirilgan P.Aytmuratovning “Davogar” komediyasi, Amudaryo tumani drama jamoasi tomonidan yaratilgan F.Karintining “Sehrli kursi” komediyasi, Nukus shahridagi “Besqala” qozoq xalq teatri tomonidan namoyish etilayotgan M.Auyezovning “Qo‘zi ko‘rpesh, Bayon suluv” sahna asari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirmoqda. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda “Xush kayfiyat” qiziqchi va so‘z ustalari festivali ham muhim ahamiyat kasb etayotir.

Yosh avlodni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalashda Nukus madaniyat va san’at kollejining ham munosib hissasi bor. Bu yerda yoshlar xalq va milliy cholg‘u asboblari, akademik qo‘shiq ijrochiligi, raqs, estrada, tasviriy san’at, dizayn, teatr san’ati kabi 15 yo‘nalish bo‘yicha zamonaviy sharoitlarda tahsil olmoqda. Joriy yilda san’at maskanining 650 ga yaqin o‘quvchisidan 241 nafari mustaqil hayotga yo‘llanma oladi.

– O‘quvchilarimizdan Shohsanam Kenesboyeva va Temur Primbetov “Yoshlik zavqi” balet va zamonaviy raqs ijrochilari festivalining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida “Eng yaxshi balet ijrosi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi, – deydi kollej direktori o‘rinbosari Baxtiyor Qayipov. – Bayram Zinalov “Eng yaxshi zamonaviy raqs” yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi.

Chekka tuman va olis ovullarda yashaydigan yoshlarning san’atga qiziqishini oshirish, iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishda qishloq madaniyat uylaridagi folklor-etnografik ansambllari, drama to‘garaklari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Buni ularning turli festival va ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotganida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, 2016-yilda o‘tkazilgan “Onam aytgan allalar” festivalining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida Nukus tumani “Aqmang‘it tonggi”, Taxtako‘pir tumani “Miyras”, Qorao‘zak tumani “Ming tumen” folklor-etnografik xalq ansambllari tomonidan ijro etilgan kompozitsiyalarda ko‘plab yosh iste’dodlar kashf etildi.

Bularning barchasi mamlakatimizda yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasidir.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
2 465






Все о погоде - Pogoda.uz