Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 10:12 Chop etish versiyasi

Barkamol avlod tarbiyachilariga ehtirom ramzi

4-mart – “Sog‘lom avlod uchun” ordeni ta’sis etilgan kun

Barkamol avlod orzusi – eng buyuk orzu. O‘zbekistonning kelajagi buyuk ekaniga qat’iy ishonch bilan yashayotgan xalqimizning orzusi bu. Mamlakatning qudratini belgilaydigan omillar ko‘p. Biroq ularning eng asosiylaridan biri shu yurtda voyaga yetayotgan yuksak ma’naviyatli, jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avloddir. Zero, el-yurtning kelajagi bugun kamolga yetayotgan yoshlar qo‘lida. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, yurtimizdagi har qaysi inson, har qaysi oilaning eng ezgu orzu-maqsadlari, hayotiy manfaatlari avvalambor uning farzandlari timsolida namoyon bo‘ladi, ro‘yobga chiqadi.

Azaldan xalqimiz bolaning dunyoga kelishi, uning parvarishi va ta’lim-tarbiyasiga yuksak e’tibor qaratgan. O‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllantirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, el ishiga kamarbasta, vatanparvar, jismonan chiniqqan va ma’nan yetuk avlodni kamol toptirish umrboqiy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1993-yil 4-martdagi farmoniga muvofiq ta’sis etilgan mustaqil O‘zbekistonning ilk ordeni «Sog‘lom avlod uchun» deb nomlanishida ham ana shu ezgu maqsad mujassam.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida millat genofondini saqlash va yaxshilash, aholining umr ko‘rish davomiyligini va turmush darajasini oshirish, sog‘lom zurriyodni dunyoga keltirish va tarbiyalash uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun shaharu qishloqlarimizda faoliyat yuritayotgan zamonaviy maktablar, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, bolalar ijodiyoti markazlari, sport saroylari, tibbiy muassasalar sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’naviyati yuksak, ijodiy-intellektual salohiyatli avlodni tarbiyalashda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni beqiyos. Mamlakatimizda bolalarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan va bu ish izchil davom etmoqda.

O‘zbekistonda navqiron avlod salomatligi, kamoloti va istiqboli, oila, onalik va bolalik manfaatlarini kuchli ijtimoiy himoyalash borasidagi tizimli va puxta o‘ylangan amaliy chora-tadbirlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Xalqaro musobaqalar, yirik chempionatlar, san’at va madaniyat festivallari, ijodiy tanlov va bellashuvlar, intellektual olimpiadalarda navqiron yurtdoshlarimiz faol qatnashib, Vatanimiz sharafini jahon miqyosida munosib himoya qilayotgani mamlakatimizda har jihatdan sog‘lom va barkamol shaxsni voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning yorqin natijasidir.

«Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlash – bu jarayonga ulkan hissa qo‘shayotgan insonlar mehnatining yuksak e’tirofidir.

Ikki darajadan iborat mazkur orden bilan onalik va bolalikni muhofaza qilish, atrof-muhitni yaxshilash, sog‘lom avlodni kamol toptirish yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan insonlar mukofotlanadi. Mazkur orden bilan boshqa davlatlar fuqarolari ham mukofotlanishi mumkin.

Ordenning tasvirida o‘ziga xos ramziy ma’no-mazmun mujassam. Uning o‘ng qismidagi quyosh nurlari fonida farzandini opichlab turgan Ona siymosi aks ettirilgan. Vatan timsoli bo‘lgan munis volida mehr va xotirjamlik bilan farzandiga termulib o‘tiribdi, ezgu orzu-intilishlar ro‘yobi bo‘lmish beg‘ubor go‘dak quvonch va ishtiyoq bilan nurga – ezgulikka talpinmoqda.

Orden biriktirilgan dastaning ichki qismi yashil rangdagi tovlanuvchi lenta bilan o‘ralgan. Lentaning o‘rtasida gullab turgan o‘rik novdasi tasviri tushirilgan. Gullayotgan o‘rik novdasi – ko‘klam, tabiatdagi, ongu tafakkurimizdagi uyg‘onish timsoli. Bu tasvir yasharish va yangilanish ramzi bo‘lgan yashil rang fonida yanada go‘zal jilo va teran mazmun ifoda etadi.

Sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport sohalarida samarali mehnat qilib, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishga munosib hissa qo‘shayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlangan.

«Sog‘lom avlod uchun» ordeni buyuk kelajagimiz vorislarini tarbiyalashda yurtdoshlarimizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Zero, farzandlarini tinch va osoyishta yurtda bezavol, tani-sihatlikda kamolga yetkazish, ularni el koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyalash, baxtu-kamolini ko‘rish har bir yurtdoshimizning ezgu orzusidir.

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA
603






Все о погоде - Pogoda.uz