O‘zA O`zbek

10.08.2018 21:01 Chop etish versiyasi

Barchasi o‘quvchilar uchun

Barchasi o‘quvchilar uchun Namangan viloyatida maktab yarmarkalari ish boshladi.

Joriy o‘quv yilida viloyat bo‘yicha 682 umumta’lim maktabida 426 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim oladi. Ularning 50 ming 200 nafarga yaqini birinchi marta maktab ostonasiga qadam qo‘yadi. Ularni o‘quv qurollari bilan to‘liq ta’minlash maqsadida viloyatda 80 ga yaqin maktab yarmarkasi tashkil qilindi.

Ma’muriy markazlar, aholi gavjum hududlar, yirik savdo majmualari va do‘konlardan tashqari bevosita maktablarning o‘zida ham yarmarkalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, shahar va tumanlardagi 47 umumta’lim maktabida ish boshlagan maktab yarmarkalari masofa va qulayligi bilan ota-onalarga manzur bo‘lmoqda. Ta’lim muassasalari qoshida tashkil etilgan yarmarkalardan 206 mingdan ziyod o‘quvchi foydalanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 26 turdagi zarur o‘quv qurollari va jihozlari sotilmoqda.

8 (2).jpg

Mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan tuzilgan ishchi guruhlar maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari, “O‘zdavkitobsavdota’minoti” singari korxona- tashkilotlar orqali yetkazib berilishini ta’minlash, ularni yong‘indan saqlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda boshqa zaruriy xavfsizlik choralari bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Maktab yarmarkalarida sotiladigan mahsulotlar narxining sun’iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularda to‘lov terminallari uzluksiz ishlashini ta’minlash mahalliy hokimliklar va soliq idoralari tomonidan nazoratga olindi.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA
2 523