Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 17:48 Chop etish versiyasi

Barcha yangi g‘oyalar xalq manfaatiga yo‘naltirilgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan loyihalar bilan tanishish maqsadida 14-15-aprel kunlari Samarqand viloyatida bo‘ldi.

Tashrif davomida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, muhokama qilingan istiqbolli rejalar jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Sherzod Eshmonov, Bulung‘ur tumanidagi “INTERLEGNO” MChJ rahbari:

– Mamlakatimizda yengil sanoat sohasini yanada rivojlantirish maqsadida sifat o‘zgarishlarini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar olib borilmoqda. To‘xtab qolgan eski korxonalar o‘rnida zamonaviy ishlab chiqarish obyektlari qad rostlamoqda. Tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar ularning tashqi bozorda mustahkam o‘rin egallashiga imkon yaratmoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining yanada jadal rivojlanishi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lamining kengayishini ta’minlamoqda.

Bu borada Prezidentimizning «2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev biz tashkil qilayotgan korxona loyihasi bilan tanishgach, yaratiladigan ish o‘rinlari bilan qiziqdi.

Darhaqiqat, bugun yaratilajak ish o‘rinlarining ahamiyati juda katta. Dastlabki hisob-kitobimizga ko‘ra, mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi, shuning 50 foiziga kollej bitiruvchilari taklif etiladi. Tumanimizda mazkur sohaga ixtisoslashgan kollejlar bor. Shunday ekan, malakali kadrlar tayyorlash masalasida kollejlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlaymiz.

Davlatimiz rahbari faoliyatimizni samarali yo‘lga qo‘yishimizda davlat tomonidan barcha yordam ko‘rsatilishini aytganlarida ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Bu so‘zlar bizni yangi kuch bilan yuksak marralar sari samarali mehnat qilishimizga undamoqda.

Agneshka Pshevodovska, Bonin shahridagi o‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi direktori (Polsha):


– Biz O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hosildorligini oshirish bo‘yicha tadqiqot olib bormoqdamiz. Jomboy tumanidagi “Sharq sanoati” konserni bilan hamkorlikda mevali daraxtlarni mikroklonlashtirish bo‘yicha samarali natijalarga erishdik.

O‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan birgalikda kartoshka ko‘chatlarini intensiv usulda yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bunda kartoshka tez pishadi va kasalliklarga chidamli bo‘ladi.

Kartoshka virusli, bakteriyali va zamburug‘li kasalliklarga moyildir. Ayniqsa, urug‘lik kartoshkani viruslardan tozalash juda murakkab bo‘lib, bu oqibatda hosildorlikning keskin kamayishiga olib keladi. Viruslarning ayrim turlari hosildorlikni 50-80 foizga qisqartiradi. Bugungi kunda urug‘lik kartoshkani viruslardan xalos etishning samarali usullaridan biri uni meristema usulida yetishtirishdir.

Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu yo‘nalishda amalga oshirayotgan ishlarimiz, erishayotgan natijalarimiz haqida so‘zlab berdik. Prezident mazkur yo‘nalishda o‘zining fikrlarini bayon qildi, yanada samaradorlikka erishish bo‘yicha maslahatlar berdi.

Jo‘rabek Meliboyev, tramvay haydovchisi:


– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Samarqand shahrida transport tizimini yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratgani va aholiga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy tramvay liniyalarini barpo etish zarurligini ta’kidlaganida yuragim entikib ketdi. Chunki asli kasbim tramvay haydovchisi.

Oradan o‘tgan qisqa vaqt ichida zamonaviy tramvay liniyalari qurib, bitkazildi. Menga tramvay boshqarishni taklif qilishganida xursandchilik bilan rozi bo‘ldim. Biz boshqarayotgan tramvaylarning ilk yo‘lovchilaridan biri Prezidentimiz bo‘lganidan hursandmiz. Odamlarimiz ko‘nglida shodlik. Zamonaviy tramvaylarga qarab kundan-kun obod bo‘lib borayotgan Vatanimiz ravnaqiga qo‘shayotgan hissamizdan minnatdormiz.

Jozef Pospichal, sayyoh (Avstriya):

– Vena shahrida 20-yil tramvay boshqarganman. Bugun ixtisoslashtirilgan maktabda bolalarga dars beraman. O‘zbekistonga kelishdan oldin internet orqali Samarqandda qurilayotgan tramvay liniyalari haqida xabar topgan edim. Samarqandga safarimiz ushbu shaharda tramvay harakati boshlanishiga to‘g‘ri kelganidan mamnunman. Bu transport vositasining afzalliklari talaygina.

Mehmondo‘st o‘zbek xalqi va mamlakatingiz menda katta taassurot qoldirdi. Vatanimga qaytib, do‘stu birodarlarimga so‘zlab beradigan zavqli esdaliklarim ko‘pligidan xursandman.

O‘zbekistonga kelib ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘ldim. Haqiqiy serquyosh zamin. Shaharlar toza, osoyishta. Hammaning bir-biriga iltifotli va mehribonligi bizda havas uyg‘otdi.

Shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar ham tahsinga loyiq. Ayniqsa, mahobatli inshootlar va muhtasham binolar, zamonaviy va milliy uslubni o‘zida mujassam etgan mehmonxonalar biz kabi sayyohlar va mehmonlarga manzur bo‘lmoqda. Mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish yuksak darajada tashkil etilgan. O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik xalqingizning eng katta yutuqlaridandir.

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA
1 328






Все о погоде - Pogoda.uz