Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2018 16:36 Chop etish versiyasi

Bankomatga turnaqator navbat yoxud navbatga yoziling

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar qatori bank-moliya tizimida ham qator yangiliklar joriy qilinmoqda. Ulardan biri plastik kartadagi pulni naqdga aylantirish maqsadida poytaxtimizdagi bir nechta bozorga bankomatlarning o‘rnatilgani bo‘ldi. 

Poytaxtimizdagi "Qo‘yliq dehqon bozori"da ham ana shunday bankomatlar o‘rnatilganini eshitib, u yerga yo‘l oldim. Tushga yaqin bozorga yetib bordim. Odam ko‘pligidan bankomatga yetish tugul uni ko‘rish imkoni ham yo‘q edi. Odamlar qog‘ozga ismlarini yozib, ro‘yxat qilishmoqda. 383-bo‘lib yozildim. Har zamonda bozor aylanib kelaman, odamlarning suhbatiga quloq solaman. Biri «Bu yerda 200 ming so‘mgacha yechishyapti, narigisida 300 minggacha. Shuning uchun ikkalasiga ham navbatga yozildim, qaysi birida navbatim tezroq kelsa shundan yechaman», desa, boshqasi «Shu bankomat qurg‘urdan ko‘proq o‘rnatsa nima qilarkin, shuncha ovoragarchilik bo‘lmasdi», deya norozi ohangda g‘udurlanadi. 

Shu payt bir ayol jahl bilan gap qotdi: «Kechagina hammamiz plastik kartadagi pullarni 15-20 foiz evaziga bo‘lsa ham naqd qilib olishga rozi edik-ku. Yoki tadbirkorlardan iltimos qilib naqd qilmasmidik? Endi ham norozimizmi? To‘g‘ri, tizimda hali ba’zi kamchiliklar yo‘q emas. Biroq, ular ko‘z o‘ngingizda bartaraf etib borilmoqda-ku».

Hamma jim qoldi. 

Kun kechga yaqinlashganda navbatga turganlarning ismi yozilgan qog‘ozda ham joy qolmadi, safimiz ham 600 ga yaqinlashib qoldi. Odamlarning qo‘llariga qarasangiz deyarli hammasida 2-3, hatto 4-5 tagacha plastik karta. Hech biri 300 ming so‘mgacha yechish mumkin deganidan 300 ming, 200 minggacha deyilganidan 200 ming so‘mdan kam yechay demaydi. Orada mas’ul xodimlar bankomatga pul solib ham ketishdi.

Qarab turib o‘yga tolasan kishi. Odamlar (ayniqsa, ayollar) urush davri kinolarida nonga navbat talashgandek o‘zini uradi. Navbat talashib bo‘lgan janjallarning-ku oxiri yo‘q. 

Shu o‘rinda bir savol: bu kabi tartibsiz holatlar bizga yarashadimi, odamlar 200-300 ming so‘m pulni tezroq naqd qilish uchun bir-birining yoqasini yirtsa? Bizdagi madaniyat, tartib-intizom qayerga ketdi? Pul hammaga yetadi-ku, buning ustiga pul bir kun tarqatilmayapti. 

Vaziyatni uzoq vaqt kuzatib shunga amin bo‘ldimki, har kim kunlik ehtiyoji darajasida pul yechsa, faqat o‘zining plastik kartasini pul qilsa (o‘g‘il-qiz, kelinlarning plastigini ham yig‘ib kelmasdan) shu kabi xalqimiz ma’naviyatiga yarashmaydigan tartibsiz holatlar yuz bermasdi nazarimda.

Bilamizki, rivojlangan davlatlar aholisi pullarini naqd ko‘rinishda emas, kartalarda saqlashni afzal bilishadi. Bu yo‘lni ular ortiqcha muammo va xavflardan holi deb bilishadi. Yurtimizda naqd pulsiz hisob-kitob tizimi joriy qilingan. Hozir istalgan savdo, xizmat ko‘rsatish nuqtalarida terminallar ishlab turibdi. 

Mazkur maqolani tugatishdan avval "Qo‘yliq dehqon bozori"ga yana yo‘lim tushdi. Bankomat yonidagi holat hamon o‘sha-o‘sha. Odamlar qo‘llariga 2-3 tadan plastik tutgancha bir-biriga yovqarash qilishmoqda...

Inobat Ahatova, O‘zA
7 091