O‘zA O`zbek

07.06.2018 10:54 Chop etish versiyasi

Baliqchi tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Qizlar sayli” tadbiri bo‘lib o‘tdi

Viloyat xotin qizlar qo‘mitasi, xalq ta’limi, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, Baliqchi tumani hokimligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda tumandagi kasb-hunar kollejlari, umumta’lim maktablarining o‘quvchi qizlari, shuningdek, mahallalardagi uyushmagan yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Saylda ijodkor qizlarning nazm, nasr, amaliy san’at, hunarmandlik va musavvirlik yo‘nalishlaridagi ijodiy ishlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. 

– Xalqimizning o‘ziga xos betakror milliy qadriyat, an’ana va urf-odatlari qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan o‘sma va xino qo‘yish, soch o‘rish, alla va laparlar aytish kabi qiziqarli bellashuvlarda yana bir bor namoyon bo‘ldi, – deydi Baliqchi tumani hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Go‘zalxon Dehqonova. – Ayniqsa, hunarmand qizlar tomonidan tayyorlangan sovg‘abop buyumlar, milliy kashtachilik, zardo‘zlik, amaliy san’at namunalari momolarimiz ardoqlab kelgan an’analarning umri boqiyligidan darak berdi. Qolaversa, tadbir turli yo‘nalishlarda ko‘plab iqtidorli qizlarni kashf etdi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi, faxriy onaxonlar ishtirokida qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash mavzusidagi davra suhbati, turli sport musobaqalari, namoyish etilgan badiiy dasturlar barchaga xush kayfiyat ulashdi. Faol ishtirok etgan, tanlov va bellashuvlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan qizlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 456