O‘zA O`zbek

05.03.2018 14:46 Chop etish versiyasi

Bahor mening qishlog‘imdan boshlanadi!..

Bahor mening qishlog‘imdan boshlanadi!.. Gulsanam bahor haqida yozgan she’rining bu satrlarini yuragidan jo‘shib o‘qidi. Barchani to‘lqinlantirdi. Chunki u g‘urur bilan aytdi, bahor sog‘inchini qo‘shib, faxrlanib aytdi. Uning nigohlarida ko‘klamga intiqlikni, go‘zallikka oshuftalikni sezish mumkin edi o‘shanda. Qalbidagi o‘z go‘shasiga bo‘lgan mehrni, muhabbatni qo‘shib aytdi shu bir og‘iz so‘ziga.

Bahorni kim ham sog‘inmaydi deysiz? U go‘zallik, orzu umidlar fasli. Atrofga bir boqing. Yomg‘ir yog‘moqda. Zaminimizga rizq nasiba yog‘moqda. Borliq uyg‘onadi. Yasharish, yangilanish fasli boshlanadi. Hademay bo‘rtib qolgan kurtaklar ko‘z ochadi. Tilla tangalardek sochilgan momaqaymoqlar, ariq labida bo‘yga yetgan mastona yalpizlar ifori, shaddod shabbodaning mayin barmoqlari dilni entiktiradi. Bahor biz intiq va intizor kutgan, ko‘ngillarga shodumonlik, qalblarga surur, yuraklarga huzur bag‘ishlovchi ardoqli bayramimiz Navro‘zdan ilk mujda olib keladi. Chunki u bayramlari bilan yanada ardoqli.

Davlatimiz rahbarining shu yil 23-fevralda qabul qilingan “2018-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorini barcha katta mamnunlik bilan kutib oldi. Bu yilgi bayramni munosib kutib olishda “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlariga muhim e’tibor qaratiladi. Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida ham bu boradagi ishlar qizg‘in pallaga kirgan.

– Viloyatimizdagi barcha mahallalarda ko‘klam yumushlari, bahor bayramlari tadorigi boshlab yuborildi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Shavkatjon Ermatov. – Ayni kunlarda ko‘cha chetlariga, tashkilot va korxonalarga, hovlilarga gullar, manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Tozalash, obodonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Xotin-qizlar bayrami va Navro‘z ayyomi oldidan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Qadron qishloq ko‘chalarida o‘tib borarkansiz, ko‘klam hidi dimog‘ingizga uriladi. Ha, shunday kunlarga yetganimiz uchun shukronalik hissiga to‘ladi ko‘ngillarimiz. Yurtimiz tinch. Dasturxonimiz to‘kin. Farzandlarimiz sog‘-salomat. Orzulari mo‘l, tilaklari bisyor xalqimiz – ertangi kun umidi bilan, to‘y-tomoshalar istagi bilan yashayotgan vatandoshlarimiz Navro‘zga peshvoz chiqadi.

– Navro‘z nafaqat ezgu tantanalar shodiyonasi, shu bilan birga, yaratish, yashnatish, bunyodkorlik ayyomi hamdir, – deydi Farg‘ona tumanidagi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustamjon Tojiboyev. – Mahallamizda 2 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ular bilan bahamjihat tashkiliy ishlarni amalga oshirishga kirishdik. Ayniqsa, chegaralarimiz ochilgani xalqimiz uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi. Bugun o‘zbek-qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik an’analari yanada musthamklanmoqda. Ayniqsa, Navro‘z bayramimizda ularni ham taklif qilib, saylda boqiy qadriyatlarga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirdik.

Milliy udumlarimizga ko‘ra, oilada o‘g‘il farzand tug‘ilsa, unga atab nihol ekiladi. Bu ezgu amal sharqona yangi yilning boshlanishi, ya’ni tabiat uyg‘onayotgan Navro‘z bayrami arafasida bajariladi. Sababi bu paytda o‘tqazilgan ko‘chat bexato tutib ketadi. Ayni kunlarda shahar va tumanlarda mevali va manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari o‘tqazish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlab yuborildi.

Bahorni barcha juda sog‘ingan. Obod va farovon hayot sari dadil intilayotgan yurtdoshlarimizning qalbi oppoq orzularga to‘la. Zero, Bahor va Navro‘z hayot abadiyligining tantanasidir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
15 672