Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2017 12:06 Chop etish versiyasi

Azaliy qadriyatlar maskani

Tadbirkor Baxtiyor Ergashevni beshqo‘rg‘onliklar “Baxtiyor mebelsoz” deydi. U o‘z xonadonida ustaxona ochib, shogirdlari bilan bir-biridan bejirim, zamonaviy shkaf, krovat, kitob javonlari kabi 10 ga yaqin turdagi uy-ofis jihozlari tayyorlamoqda. Hovlisidagi maxsus xonada mebellar ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. Bu ko‘rgazma zali har doim xaridorlar bilan gavjum.

– O‘n yildan buyon mebel ishlab chiqaramiz, – deydi tadbirkor. – Mahalladoshlardan olti nafarini ish bilan ta’minlaganmiz. Shu ishimiz ortidan rizqimiz but, dasturxonimiz to‘kin.

Mebelsoz Beshqo‘rg‘on mahallasi uchun ham qo‘lidan kelgan yordamini ayamaydi. O‘tkaziladigan turli tadbirlar, bayramlarda xizmatga shay, ehtiyojmand oilalarga qo‘lidan kelgancha ko‘mak beradi. Mebelsozlikni o‘rganaman, deb kelgan yoshlarga eshigi hamisha ochiq. Uning bu kabi xayrli ishlaridan mahalla ahli mamnun.

Baxtiyor Ergashev singari el koriga yarayotgan xususiy tadbirkorlar mahallada ko‘pchilikni tashkil qiladi. "Beshqo‘rg‘on" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shoakmal Shopo‘latovning aytishicha, hududdagi 963 xonadonda 7 mingdan ziyod aholi inoq va totuv yashamoqda. Oltmishdan ortiq fuqaro kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan band. Tikuvchilik, biser to‘qish, qandolat mahsulotlari tayyorlashda mahalla yoshlariga teng keladigani topilmaydi.

Yig‘inda ham ishlar talaygina. Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bandligini ta’minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlari, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida jamoa hamjihatlikda faoliyat ko‘rsatmoqda.

E’tiborli jihati, bu kabi ishlar Chilonzor tumanining "1-Charx Kamolon”, “2-Charx Kamolon”, “3-Charx Kamolon”, “Novza”, “1-Qatortol” “Katta Chilonzor-3”, “Mehrjon”, “Bo‘rijar”, “Mevazor”, “Katta Qozirobod”, “Katta Do‘mbiraobod”, “Yakkatut”, “Al Xorazmiy”, “Sharaf” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham yaxshi yo‘lgan qo‘yilgan.

– Keyingi ikki yilda mahallamizda ikkita mini-stadion va uchta bolalar maydonchasi bunyod etildi, – deydi “Novza” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mansur Siddiqov. – Shu bilan birga, 18 ko‘p qavatli uyning tom qismidan tortib, ko‘cha qismigacha bo‘lgan joylarda ta’mirlash ishlari bajarildi. Isitish tizimi yaxshilandi, yo‘laklarga beton yotqizilib, uylar hovlisi ko‘kalamzorlashtirildi. Joriy yil yana 22 ko‘p qavatli uyda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bajariladi. Mahalla guzarini barpo etish taraddudidamiz.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3-fevraldagi "Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirishda yangi bosqichni boshlab berdi.

– Mahalla azaldan milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz, xalqimizning turmush va tafakkur tarzini asrab-avaylashda muhim tarbiya maskanidir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondining Chilonzor tumani bo‘linmasi raisi N.Shamshiyev. – Shundan kelib chiqib, mahallalarda yashovchilar, ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlash, aholining ehtiyojmand qatlamlari, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilib, ularga amaliy yordam berilayotir. Bu jarayonda mahallalar faollari har bir xonadonga kirib borish, mavjud muammolarni hal etishga e’tiborni kuchaytirgan. Deputatlar, banklar bilan hamkorligimiz yangi tadbirkorlik subyektlari ochish, vaqtincha ishsiz aholini, yoshlarni ish bilan ta’minlashga qulay zamin yaratmoqda. Ana shunday maqsadlarda 2015-yilda 166,7 million so‘mlik, 2016-yilda 172,3 million so‘mlik ishlar amalga oshirildi.

Mahallalarda “oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi namunali tashkil etilgan. O‘tgan yili kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlar natijasida 2 ming 321 bitiruvchining qariyb 2 mingi ish bilan ta’minlandi. Tuman bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan 300 ga yaqin fan, sport va hunarmandlikka ixtisoslashgan to‘garakda 2 ming 500 o‘g‘il-qiz bo‘sh vaqtidan unumli foydalanib, bilimini boyitish, hunar o‘rganish va jismonan chiniqish bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.

Huquqbuzarlik, diniy ekstremizm va aqidaparastlik, “ommaviy madaniyat”ning oqibatlari va boshqa dolzarb mavzularga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, ularda yoshlar faol ishtirok etmoqda. “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi”, “Mustaqillik – eng oliy baxt”, “Konstitutsiya – faxrimiz” mavzularida targ‘ibot tadbirlari, “Eng namunali fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi”, “Mahalla – mening taqdirimda” tanlovlari, “Mahallamiz pahlavonlari”, “Futbolimiz kelajagi”, “Biz aql-idrokli oilalarmiz”, “Otam, onam va men – sportchi oila” musobaqalarining o‘tkazilishi ham aholini, ayniqsa, yoshlarni ma’naviy yetuklikka, ahil va inoqlikda yashashga, eng muhimi, ularning jismonan baquvvat, chiniqqan va sog‘lom bo‘lishiga zamin yaratmoqda.

Mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyalar tuzilib, ularga 257 tashabbuskor ayol jalb etilgan. Ular bilan xamkorlikda oilalarni mustahkamlash, qizlarni erta turmushga berish va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shu yo‘nalishda davra suhbati, seminar va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilib, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni yuksaltirishga erishilmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
3 154






Все о погоде - Pogoda.uz