Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 17:53 Chop etish versiyasi

Ayollar qadr topgan yurtda yashash – baxt

Mamlakatimizda xotin-qizlarning nafaqat kundalik turmushda, jamiyatimizda ham mavqei, nufuzi oshib borayotir. Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan suhbatda bo‘ldi.

Muhabbat Sharapova, Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi, O‘zbekiston Qahramoni:

– Ayolga qachon bayram tatiydi, qachon uning yuzidan tabassum arimaydi? Qachonki, yurti tinch, farzandlari salomat, oilasida barokat, ko‘ngli xotirjam bo‘lsa. Biz o‘zbek ayollari ana shu ne’matlarning barchasiga egamiz.

Chidamlilik, sabr-qanoat ayol tabiatiga xos. Xalqimiz ayollari kamsitilgan, onalari zor qaqshagan, qizlari sha’ni toptalgan davrlarni ham boshidan kechirgan. Shukrki, mustaqillik tufayli o‘sha og‘ir kunlar unut bo‘ldi. Xotin-qizlarning mavqei yuksaldi, ular e’zozlandi, qadr topdi.

O‘tgan yili Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov farmoniga binoan O‘zbekiston Qahramoni yuksak unvoni bilan taqdirlandim. Bunday e’zoz va ehtiromdan boshim osmonga yetdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 29-dekabrdagi "2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori maktabgacha ta’lim tizimi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, farzandlarimizni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish kabi dolzarb masalalarni hal etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Gulbahor Aximbetova, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali o‘qituvchisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori:

– Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan maqtansa arzigulik.

2005-yili 17 yoshimda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. Mamlakatimiz mustaqilligining 24-yillik bayrami oldidan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim.

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Ibroyim Yusupov nomidagi iqtidorli bolalar maktabi qurilish uchastkasida bo‘lib, o‘quv jarayoni sifatini tashkil etish va yuqori darajada amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Maktab bazasida kichik bosmaxona tashkil etib, turli adabiyotlarni tarjima qilib, chop etish lozimligini ta’kidladi. Men ham kelajakda o‘zbek va qoraqalpoq san’atini dunyoga tanitadigan yetuk mutaxassislar tarbiyalashga o‘z hissamni qo‘shishni niyat qilganman.

Yoshlarning ilm-fan bilan shug‘ullanishi, ijodiy salohiyatini namoyon qilishi uchun yaratib berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya va Malayziya davlatlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro madaniyat festivallarida ishtirok etdim. Chiqishlarim xorijlik mutaxassislar tomonidan e’tirof etilganida o‘zimni dunyodagi eng baxtiyor qiz sifatida his etdim.

Bugungi kunda talabalarga san’at jurnalistikasi va jurnalistika asoslari, televideniye va radio jurnalistikasi, xalqaro munosabatlar, jahon, o‘zbek va qoraqalpoq adabiyoti bo‘yicha yangi pedagogik texnologiyalar asosida mashg‘ulotlar olib bormoqdaman.

Shamsiya Niyozova, Romiton tumanidagi 41-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori, xalq maorifi a’lochisi:

– Ayol uchun tinch va farovon yurtda yashashdan, oila va jamiyat e’zozida bo‘lishu sog‘lom farzandlarni kamolga yetkazishdan ortiq saodat yo‘q.

Shu ma’noda men o‘zimni eng baxtli ayol, deb hisoblayman. 32-yildan buyon pedagog sifatida faoliyat yuritaman. Maktabimiz biologiya va tarix fanlariga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bu yerda tahsil olgan o‘quvchilar bugun jamiyatimizning turli jabhalarida yurt taraqqiyoti, el farovonligiga hissa qo‘shmoqda.

Prezidentimizning biz, ayollarni tabriklab, kelgusidagi ishlarimizga zafarlar tilaganida shu yurt, shu zamin farzandi ekanimdan yana bir marta faxrlandim.

Bugun chin ma’noda pedagoglar mehnati e’zoz topdi. Yoshlarga fan sirlarini chuqur o‘rgatish uchun barcha qulaylik yaratilayotgani bizni yanada faol, katta kuch-g‘ayrat bilan ishlashga undamoqda. Maktabimizda o‘quvchilarning chuqur bilim olishi uchun barcha sharoit mavjud. Keng va yorug‘ sinfxonalar zamonaviy jihozlangan, zarur ko‘rgazmali qurollar bilan ta’minlangan. Yaqinda 240 o‘rinli yangi maktab binosi qurilishi boshlandi.

Dilorom Abdullayeva, Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasi kardiologiya bo‘limi mudiri:

– Ona sog‘lom bo‘lsa, bola har jihatdan sog‘lom dunyoga keladi. Bugungi kunda ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ularning salomatligini mustahkamlash, sog‘lom farzand dunyoga kelishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tumanimizdagi Sharg‘un shifoxonasida qo‘shimcha 25 o‘rinli xirurgiya, 20 o‘rinli bolalar, 10 o‘rinli nevrologiya bo‘limlari tashkil etildi. 20-yildan buyon shu sohada faoliyat yuritayotganimdan faxrlanaman, el salomatligiga kamarbasta bo‘lib, oilalarga quvonch baxsh etib, onalik va bolalikni muhofaza qilishda hissam borligidan mamnunman.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonida sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish chora-tadbirlariga e’tibor qaratilib, 78 tuman tibbiyot birlashmasini, 7 shahar va 2 viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qayta qurish, tez tibbiy yordam xizmatini 1200 maxsus avtotransport bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bu mamlakatimizda ayollar sog‘ligini asrash, sog‘lom avlodni tarbiyalash yo‘lidagi ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Marhabo Yo‘ldosheva, «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:

– Sobiq tuzum davridagi ayollarning turmushi bilan hozirgi ayollar hayoti o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Bugungi kunimizga ming shukr qilsak arziydi. Xotin-qizlar davlatimiz tomonidan iqtisodiy, ijtimoiy jihatdan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Nazarimda, ayollarning baxtu kamoli, istiqbolini ko‘zlagan va buni oliy maqsad, deb bilgan mamlakat dunyoda kamdan-kam topiladi. Ana shunday jannatmonand yurtda yashayotganimdan behad faxrlanaman.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigidagi samimiy dil so‘zlari barcha ayollarimiz ko‘nglini tog‘day ko‘tardi, yangi-yangi marralarni zabt etishga undamoqda.

Korxonamizda ko‘plab xotin-qiz mehnat qiladi. Ularning huquq va manfaatlari himoya qilinib, yaxshi dam olishi, layoqatli mehnat qilishi, ish haqlari o‘z vaqtida to‘lanishiga alohida e’tibor qaratiladi. Boshlang‘ich tashkilotimiz qoshidagi “Iqtidorli qizlar” klubi, “Orasta qizlar”, «Eng jamoatchi va faol ayol», «Ishchan xonim» to‘garaklari faoliyati xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan.

Malika Qodirxonova, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi:

– Bo‘limimiz o‘z atrofiga uch ming ayolni birlashtirgan. Ular har xil yo‘nalishlarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, oilalariga qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Bo‘limimiz tomonidan oilaviy biznesni tashkil etish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning huquqiy, tadbirkorlik borasidagi bilim va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishda ish boshlash arafasida turgan opa-singillarimizga biznesni tashkil etish, hujjat yuritish, soliq imtiyozlari, kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan mutaxassislar ko‘magida zarur tavsiya va maslahatlar berilmoqda.

O‘tgan yili viloyatdagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etishga qaratilgan loyihalarimiz asosida 25 million so‘mlik grantni yutishga muvaffaq bo‘ldik. Mazkur grant loyihasi asosida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, bu sohaga endigina qadam qo‘ygan yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish maqsadida "Biznesni tashkil etish va yuritish" qo‘llanmasini chop ettirdik.

Joriy yilda Xalq bankining viloyat filiali hamkorligida amalga oshirilgan "Farovon hayot qo‘limizda" loyihamiz bo‘yicha ayollarimizdan 14 nafari 1 milliard 437 million so‘mlik imtiyozli kredit sertifikatiga ega bo‘ldi. Uyushmaga a’zo bo‘lgan tadbirkor ayollar uchun “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan 1 milliarddan oshiq imtiyozli kredit berilishi rejalashtirilgan.

Ra’no Fozilova, Chinoz tumanidagi 40-umumta’lim maktabi ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi, O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, «Do‘stlik» ordeni sohibasi:

– Men shunday jannatmonand yurtning baxtli ayollaridan biriman. Qirq yildan oshiq pedagoglik faoliyatim mobaynida shogirdlarim turli jabhalarda mehnat qilayotganidan, ularning yutuqlarini ko‘rayotganimdan boshim ko‘kka yetmoqda. O‘qituvchilikda erishayotgan yutuqlarimni tanlovlarda namoyish etishga, metodik qo‘llanmalar yaratishda faol qatnashishga urindim. Ona yurtimga bo‘lgan mehrimni she’riy ifodalashga harakat qildim.

Ayni kunda «Yosh muxbirlar», «Istiqlol g‘unchalari» to‘garaklarini boshqaraman.

2004-yili Vatanimizning «Do‘stlik» ordeni, 2016-yil «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi» yuksak unvoniga musharraf bo‘lganimdan davlatimiz, xalqimiz oldida hamisha ta’zimdaman.

Nigora Abdurahimova, Chilonzor tumani hokimining o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:

– Tumanimiz aholisining turmush tarzini yanada yaxshilash, ayniqsa, xotin-qizlar faolligini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, oilaviy biznes, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayollari e’zoz topgan yurtning kelajagi buyukdir. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz ayollarini tabriklaganidan boshimiz osmonga yetdi.

Oygul Davletjonova, Urganch tumanidagi 38-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, “Shuhrat” medali sohibasi:


– O‘ttiz yildan buyon boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars beraman. Maktabimizda o‘qituvchilarning har biri yosh avlodga puxta bilim berishga astoydil harakat qilib, mashg‘ulotlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida o‘tkazishga intilmoqda.

O‘tgan yili “Boshlang‘ich sinflarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning ahamiyati” mavzusidagi loyiham bilan mamlakat boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining forumida ishtirok etdim.

2013-yili Vatanimizning “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tabrigi barcha ayollarni, jumladan, maktabimizda ishlayotgan o‘qituvchi-ayollarni ruhlantirib, yangidan-yangi marralarni egallashga undamoqda.

Azima Qiyosova, Mohigul Qosimova, Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
510






Все о погоде - Pogoda.uz