O‘zA O`zbek

06.03.2018 15:35 Chop etish versiyasi

Ayolga ehtirom

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni 

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida ularning nafaqat turmushda, balki jamiyatimizdagi mavqei, nufuzi tobora ortib borayotir.

Poytaxtimizda Chilonzor tumani xotin-qizlar qo‘mitasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali hamkorlikda xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazgan ilmiy-amaliy anjumanda olima ayollar, el-yurtda hurmat topgan onaxonlar, faol talaba-qizlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Chilonzor tumani misolida aholining turmush tarzini yanada yaxshilash, ayniqsa, xotin-qizlar faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, oilaviy biznes, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilovaning «Tarix sahifasida ayolning o‘rni», «Olima ayol» uyushmasi a’zosi Jamila Toshpo‘latovaning «Davlat tomonidan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yuklatilgan majburiyatlar» va shu singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda faol xotin-qizlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
5 838