Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 17:30 Chop etish versiyasi

Ayol nega jinoyatga qo‘l urdi?

Hayot paydo bo‘lgandan buyon ayol zotiga o‘zgacha ehtirom ko‘rsatib kelinadi. Ular davrning har qanday chig‘iriqlarida ham doimo bu hurmatga munosib ekanini teran aql va hayotiy aqidalari bilan barchaga anglatib kelgan. Bu tamoyil asrlar davomida sayqal topsa topdiki, aslo so‘ngan emas.

Ammo, afsuski, avlodlar ko‘z qorachig‘idek e’zozlab kelayotgan ana shu timsollarga ayrimlar dog‘ tushirmoqda. Yanayam to‘g‘rirog‘i dunyo miqyosida olib qaraganda so‘nggi vaqtlarda xotin-qizlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik soni keskin ortib borayotir. Bu holat buguni va kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir insonni jiddiy mulohazaga undaydi.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalariga nazar tashlasangiz axborotlar oqimi tamomila o‘zga bir o‘zanda harakat qilayotganini anglaysiz. Ya’ni urushlar, qotilliklar, kontrabanda, o‘g‘rilik, turli diniy oqimlar, barcha-barchasida ayollar ishtiroki bot-bot tilga olinayotir. Ayol siymosining bu jirkanch illatlarga ruju qo‘yishi esa oila degan muqaddas qo‘rg‘onga darz yetkazib, azaliy qadriyat va an’analar tizginini butkul izdan chiqarishi hech gap emas. Gapning sirasini aytganda, bir vaqtlar har narsaning chegarasi borligini jamiyatga singdirgan qatlam vakilalarining ba’zilari bugun sog‘lom muhitga o‘zlari loy chaplayotir. Eng achinarlisi, bu jarayon bizni-da chetlab o‘tmagan.

Farg‘onada kelin qaynonaning qotiliga aylandi, Toshkent viloyatida chaqaloqlarni sotish bilan shug‘ullangan ayollar qo‘lga olindi, chet elda odam savdosi bilan shug‘ullangan “to‘da malikasi” O‘zbekistonga keltirildi, Toshkentda diniy oqim targ‘ibotchisi bo‘lgan juvon ushlandi. Bu kabi yoqimsiz xabarlar kunora qulog‘imizga chalinadi.

Oddiy odamlar hayotiga tashvish olib kelayotgan, farzandlar ongini zaharlab kelajakni tahlikaga solayotgan jinoyatlarga befarq va loqaydlik bilan yondashar ekanmiz, bunday voqea-hodisalarni hali juda ko‘p bora eshitishimiz, hattoki, bunga sababchi yoki guvoh bo‘lib qolishimiz ham hech gap emas.

Farg‘onada kelin qaynonaning fojiali o‘limida bosh aybdor. Aslida bu jinoyatning sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillar bisyor bo‘lsa kerak. Achchiq bo‘lsada aytish joiz: intihosi fojia bilan tugagan nizoning shu darajaga yetilganini bilmaganiga mana endi mahalla-ko‘y ham qo‘ni-qo‘shniyu qarindosh-urug‘lar ham hech kimni ishontira olmaydi. Axir inson umriga zomin bo‘lishdek qabihlik sodir etilar ekan, bu bir necha soat va yoki bir necha kun ichida kelin bo‘lmishning xayoliga dabdurustdan kelmagan. O‘rtadagi nizoni nazarimizda ko‘pchilik bilgan, faqatgina beparvolik pand bergan, xolos. Kim biladi, deysiz, balki ona tobutini ko‘tarib ayuhannos solayotganlar orasida befarqligi va gumrohligi uchun o‘zini koyib dod solganlar ham bo‘lgandir.

Kelajak ko‘zga ko‘rinmas narsa bo‘lsa-da u bilan to‘qnashuv muqarrar ekan, yon-atrofimizda kechayotgan voqea-hodisalarga loqayd bo‘lib yashashga haqqimiz qolmaydi. Samarqandning bir chetida shahvoniy maqsadda foydani ko‘zlab uyushgan jinoiy guruh tuzgan fosiq bir xotinning yolg‘on so‘zlari Sirdaryoning bo‘ylarida emin-erkin o‘ynab yurgan singlimizni ham o‘z domiga tortmasligiga kafolat yo‘q. Negaki ko‘pchiligimiz befarqmiz. Balki mayda ikir-chikir, deb e’tibor qaratmasmiz, ammo ana shu mayda narsalardan katta fojialar yasalayotganini ko‘zimiz ko‘rib, qulog‘imiz eshitgandan so‘ng anglayapmiz. Vaholanki, barchasiga vaqtida chek qo‘yish mumkin edi.

Jinoyatning katta kichigi bo‘lmaydi. U mavjud hayotimizda davomiylik kasb etar ekan, kim sodir etishidan qat’i nazar, xotirjam yashay olmaymiz. Ayniqsa, xotin-qizlarning jinoyatga qo‘l urushi paytavamizga tushgan qurtday kundan-kun xavotir uyg‘otishi tayin. Axir ayol jinoyati birgina moddiy yoki maishiy muammolarni keltirib chiqarmaydi. Uning ijtimoiy xavfi, kelajakka, sog‘lom muhitga ta’siri sezilarli darajada kuchli.

Tasavvur qiling bir yilda 10 ta ayol jinoyat ko‘chasiga kirdi. Bu degani 10 ta oila barbod bo‘ldi, 20-30 bola yetimlik sitamlarini gardaniga oldi, davlatning eng quyi va eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan shuncha oila tag-tomiri bilan sitilib ketdi, deganidir. Farzandlar qanday inson bo‘ladi, axir mamlakat ertasi ularning bugungi tarbiyasiga bog‘liq. Bir-biriga zanjirdek ulanib ketadigan masalalar kelajakka daxldor muammolarni keltirib chiqarishi muqarrar.

Bekorga hukumat darajasida bunga e’tibor qaratilmayapti. “Ayol nega jinoyatga qo‘l urdi? Uning tashvishi nima, orzu-o‘ylari nima, qanday muammosi bor? Biz qayerda xato qilayapmiz? Xotin-qizlarga munosib turmush-sharoit yaratib bering, to‘siqlarni olib tashlang”, deyilyapti. Prezidentimiz bu hayotiy savollarning javobini so‘rayapti.

Ammo xolis aytganda, harakatlarimiz davrning mavjud savollariga yetarlicha javob qaytarishga qurbimiz yetmayotganini ko‘rsatmoqda. Mahalla idorasiyu, ayrim muassasalarda hisobotlarni to‘ldirish, rejalarni bajarish uchun o‘tkazilayotgan yig‘inlarning allaqachon siyqasi chiqqan. Kunda kunora gazetalarga jimjimador maqola yozib, teleekranda vazxonlik qilish odamlarning ensasini qotirishdan boshqasiga yaramayapti. Amaliy ishlar ham kerak. Axir bugun biz davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarida islohotlar chuqurlashib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgan davrda yashayapmiz. Yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlar salmog‘ini ko‘zimiz ko‘rib, qulog‘imiz eshitib turibdi. To‘g‘ri, oddiy aholi yurtda tinchlik bo‘lishini istaydi. Ammo shu bilan birga hayotida farovonlik, turmushida mazmun ko‘rishni, jamiyatda sonsalorliklar, jinoyatchiliklar barham topishini ham xohlaydi. Bunga ularning haqlari bor.

Tahlilchilarning fikricha, oilaviy ajralishlar, ishsizlik, oilaviy muhit, ma’naviy tushkunlik kabi omillarning jamiyatda bo‘y cho‘zishi jinoyat ko‘chasiga kirayotgan ayollarning safini kengaytirar ekan.

Eng katta sabablardan biri – ajralishlardir. Ajralishlar tufayli notinch, noqobil, noto‘liq oilalar vujudga keladi. Natijada bir qancha ijtimoiy, ma’naviy muammolar yuzaga keladi. Ma’lumotlarda ijtimoiy xavfli jinoyatlar sodir etayotgan ayollar va voyaga yetmagan bolalar aynan ana shunday oilalardan ekani qayd etilgan. Mulohaza qilsak jamiyat yelkasiga og‘ir yuk bo‘lib minayotgan bu muammo asoratlari hiyla chuqurroq. Nima uchundir jamiyatda ajrimlar borasidagi muammoga yechim topishga kelganda oqsoqlanayapmiz. Mutasaddilar, faol jamoatchilik tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarga qaramay hali hamon bu boradagi muammolar kamaygan emas.

Mas’ul tashkilotlarning ish tartibini, qarashlarni o‘zgartirish mavridi kelgan. Axir xotin-qizlar, mahalla, ichki ishlar tizimi faollarining faoliyati bugun jamaotchilikni qoniqtirmayotganini sezishga juda katta aql talab qilinmaydi. Buning uchun uzoqqa borish ham shart emas, o‘zingiz yashab turgan mahalla idorasiga chiqing, faqatgina ma’lumotnoma tarqatadigan idoraga o‘xshab ko‘rinmaydimi sizga. Davlat darajasida har bir tizim faoliyatini takomillashtirishga, yangicha ishlashga, yangicha qarashga yo‘l ko‘rsatilayotgan bir paytda faqat qog‘ozdagi ishlarni joy-joyiga qo‘yish borasida bahs qilib yotibdi. Ularning bu holi kulsa kulgili bo‘lishi bilan birga, tepsa tebranmasdir. Bugungi sharoit esa barchadan tafakkurni o‘zgartirishni, jamiyatga, unda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan munosabatini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Biz qachon maqsadga erishamiz? Bir bolaning oyog‘iga kirgan zirapcha butun jamiyatni ziqiratmas ekan manzilimiz uzoqlashib boraveradi. Oddiygina maishiy muammolar sabab eru xotin, qaynona-kelin, qarindoshlar o‘rtasida joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida 165 ta qotillik jinoyati sodir etilgan. Beparvolik alaloqibat nimalarga olib kelayotganini ko‘rdingizmi?..

Keng jamoatchilik oldidagi vazifalar zalvori og‘ir. Yurtda tinchlik barqaror bo‘lishiga ko‘proq ular mas’uldirlar. Bunda, albatta, davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro uzviy hamkorligi zarur. Aslida jinoyatchilikning vaqtida oldini olish uchun mutasaddi tashkilotlarga yetarlicha vakolat berilgan, davlatimiz tomonidan keragicha imkoniyat yaratilgan. Faqat qunt va mas’uliyat bo‘lsa, olib borilayotgan ishlarining natijasi ham samarali bo‘ladi. Xotin-qizlarning dardiga sherik, muammosiga yechim, intilishlariga imkon yaratib berishga shoshilishimiz kerak. Aks holda, huquqbuzarlik va jinoyatchiliklar ko‘lamidan hisobot daftarlarimiz to‘laveradi.

Ichki ishlar tizimi “...shahrimizda ochilmagan birorta jinoyat qolmadi, kelgusida ham har qanday jinoyat ochiladi”, deya g‘ururlanganidan barchaning ko‘ngli taskin topdi. Mana endi ana shu bayonotlarining yoniga shuncha huquqbuzarlik va jinoyatchilikning ham oldini olamiz, deya izoh qo‘shishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Negaki, jinoyatlar fosh etilgani bilan bu unsurning soni kamaymayotgan bo‘lsa ko‘nglimiz xotirjam bo‘lmasligi aniq.

Aslida sabab qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ayolning jinoyat ko‘chasiga kirishining o‘zi tahlikali. Chunki ayol – avvalo, ona, avlodlar davomchisini tarbiyalaydigan qatlam vakilasi. Jamiyatning buguni va kelajagini ularning faoliyati belgilaydi. Agarda bu tamoyil o‘zgarsa, razolat xuruj qilsa unda “sog‘lom muhit barqaror”, degan tushunchalarga shubha oralaydi.

Asliddin Suyunov, O‘zA
6 317