O‘zA O`zbek

05.03.2018 20:00 Chop etish versiyasi

Ayol baxtli bo‘lsa, yurt farovon bo‘ladi

Toshkent viloyati Chinoz tumanida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir shunday nomlandi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputatlari, partiya faollari, yozuvchi va shoirlar, xotin-qizlar, yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat, imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– So‘nggi yillarida ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish partiyamizning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi, – deydi partiya viloyat kengashi bosh mutaxassisi V.Shodiyeva. – Bu borada hududdagi faol ayollarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “XXI asr ayoli” ko‘rik-tanlovida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 400 ga yaqin xotin-qiz ishtirok etadi, g‘oliblar rag‘batlantiriladi. Partiyamizning “Uyma-uy” loyihasi bo‘yicha joriy yil boshidan buyon Zangiota, Yangiyo‘l, Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlarida aholi xonadonlariga borib, ayollarni qiynayotgan turli muammolarni o‘rgandik. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yubordik.

Tadbirda uzoq yillar davomida turli sohalarda sermahsul faoliyat yuritgan partiyaning faol ayollariga tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlar ijrosidagi tinchlik, jonajon yurtimiz va munis ayollarni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, she’rlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
4 572