Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.05.2018 09:45 Chop etish versiyasi

“Avtotest” Guliston innovatsion o‘quv markazi tomonidan xayriya tadbiri amalga oshirildi

“Avtotest” Guliston innovatsion o‘quv markazi tomonidan xayriya tadbiri amalga oshirildi
Muqaddas ramazon oyi arafasida Sirdaryo viloyatida ham Prezidentimizning 2017 yil 1 avgustdagi “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Muqaddas ramazon oyi arafasidagi ushbu xayriya tadbiri davomida Guliston shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialining travmatologiya va jonlantirish bo‘limlariga, Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limining “travmpunkt”iga, shu tumanda joylashgan Sirdaryo “Muruvvat” hamda Yangiyer shahridagi Yangiyer “Muruvvat” ayollar internat uylarida doimiy yashovchilarga nogironlik aravachalari beg‘araz tuhfa etildi.

“Avtotest” Guliston innovatsion o‘quv markazi direktori Murodjon Jo‘rayevning ta’kidlashicha, joriy yilning shu davriga qadar markaz tomonidan 785 million so‘mga yaqin mablag‘ davlat hisobiga o‘tkazilgan. Respublika “Avtotestreport” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tashabbusi bilan mazkur xayriya tadbirini muqaddas ramazon oyi arafasida aynan nogironlik aravachalariga ko‘proq muhtojlik mavjud bo‘lgan shifo maskanlari uchun in’om etishni e’tiborga joiz deb topgan.

Shuningdek, tez orada xodimlar maktabgacha ta’lim muassasalariga borib, yo‘l harakati qoidalari va yo‘l belgilari bo‘yicha bepul saboq berishni hamda avtomobil yo‘llarining o‘tish joyidan bolalarni o‘tkazib qo‘yuvchi tarbiyachilar uchun maxsus nur qaytaruvchi qo‘l va ust-bosh buyumlari hamda “To‘xtang, bolalar!” yo‘l belgilari bilan ta’minlashni ham rejalashtirgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 sentyabrdagi “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Guliston shahrida “Avtotest” innovatsion o‘quv markazi joriy yilning yanvar oyidan o‘z faoliyatini boshlagandi. Bu yerda bir hafta davomida 600, bir oy davomida 2 ming 400 nafar yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqaruvchi haydovchilarning tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish quvvati mavjud bo‘lib, shu kungacha, markazda 2 ming 415 nafar haydovchilarning malakasi oshirilib, maxsus sertifikatlar berildi. 

A. Qayumov, O‘zA
2 326