O‘zA O`zbek

16.01.2018 12:00 Chop etish versiyasi

Avtobuslardan bezigan yo‘lovchi

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga

Hozir bayon qilinadigan kundalik hodisalarga jamoat transporti, aniqroq qilib aytganda avtobuslardan foydalanadigan har qanday inson duch keladi. Bu qanday hodisalar deysizmi? Marhamat...

Birinchi holat: Toshkent shahridagi avtobuslarda haydovchilar tezlikni me’yordan oshirib yuboradi. Tabiiyki, katta tezlikda ketayotgan avtobusni to‘xtatish mushkul. To‘satdan oldidan chiqib qolgan avtomobilga borib urilmaslik uchun haydovchi tormozni bosadi. Ushbu holatda yo‘lovchi turli tan jarohati olishi hech gap emas.

O‘zim guvohman. 58-avtobusda ishdan qaytyapman. Avtobusda odam ko‘p. Haydovchisi va chiptachi 22 yoshlardagi yigitlar. Yo‘ldagi avtomobillarni birin-ketin orqada qoldirayotgan avtobus oldida yuk mashinasi borligi uchun keskin tormoz berdi. Shu paytda yoshi 50 lardan oshgan ayol boshi bilan avtobus tutqichlariga urildi va yerga yiqilayotganda odamlar tutib qolishdi.

Bunday haydovchilarni “o‘pkasini bosolmaydiganlar” deb atasak bo‘ladi.

Ikkinchi holat: Ikkita bir xil yo‘nalishdagi avtobus yo‘lda to‘qnash kelib qolsa, avtobus ichidagi yo‘lovchilar ko‘cha tilida “bir qop kartoshka” bo‘lib qolishadi. Avtobuslar bir-biridan o‘zish uchun poyga o‘ynashadi.

Yoshi kattalar tanbeh berib qolishsa, haydovchilar ularni jerkib tashlaydi. Buning sababi oddiy, bir yo‘nalishdagi avtobus tabiiyki ko‘proq yo‘lovchi yig‘ishi kerak. Odam chiqishi uchun esa keyingi bekatga “hamroh”idan ko‘ra tezroq borishi kerak. Eng kulgilisi, ularga kunlik reja bor ekanini, shunga yarasha pul yig‘ishlarini ro‘kach qilishadi.

Uchinchi holat: tegishli qoidalarga ko‘ra, avtobus bekatda 5 daqiqadan ko‘p to‘xtab turmasligi kerak. Lekin, ba’zi hollarda bu 15-20 daqiqagacha cho‘ziladi. Ayniqsa, ertalab ishga kech qolyapsiz, tig‘iz vaqt. Ustaga-ustak yo‘llar tiqilinch. Bu ham yetmagandek, avtobus bitta bekatda uzoq «hordiq» chiqarmoqda.

Chilonzor metro bekatida 8-avtobusning yurishini 45 daqiqagacha kutgan yo‘lovchi o‘z fikrlarini aytdi. Buning qanchalik to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qilish uchun o‘zim kuzatdim. Avtobus metrodan chiqadigan odamlarni kutib yarim soatcha to‘xtab turdi. Shunday paytda asab tolalari yorilib ketmasligiga qoyilman.

Haydovchi akalar, sizga ish haqi to‘lanyapti, sal insof bilanda axir. Shu avtobusga chiqqisi kelmagan yo‘lovchini kun bo‘yi kuting foydasi yo‘q, baribir chiqmaydi. Bunday hodisalarning jabrdiydalari allaqachon buni tushunib yetgan.

Shu o‘rinda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga murojaat: avtobus haydovchilarini ishga qabul qilish masalasiga jiddiyroq e’tibor qaratish vaqti kelmadimi!

Nurillo Nasriyev, O‘zA
7 918