Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2018 12:33 Chop etish versiyasi

Atrof obodligi o‘zimizga bog‘liq

“Obod qishloq” dasturi doirasida Toshkent viloyatida ham aholi yashash manzillarida zarur sharoitlar yaratish, mavjud turar joylarni shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish, infratuzilma obyektlarini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Olmaliq shahrining Abdulla Qodiriy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ichimlik suvi bir necha chaqirimdan tashib keltiriladigan mahallada aholi ehtiyoji uchun xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, maktabgacha ta’lim muassasasi, dorixona, tibbiyot punkti yo‘q, yo‘llar ta’mirtalab, bir so‘z bilan aytganda, muammolar yetarli.

"Obod qishloq" dasturi asosida viloyat va shahar hokimligi tomonidan mahalladagi 355 aholi xonadonida ta’mirlash ishlari olib borildi. Hududda joylashgan nasos stansiyasidagi 2 suv qudug‘ini ta’mirlash, nasos stansiyasidan mahallagacha bo‘lgan 2 kilometrlik ichimlik suvi quvurini rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi.

– Bunday bunyodkorlik ishlaridan so‘ng qishlog‘imiz yanada obod bo‘ladi, – deydi Qurbon ota Mavlonov. – Aholi uchun shahardagidan kam bo‘lmagan sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan bunday ezgu ishlardan juda mamnunmiz. Har kuni qatnaydigan yo‘llarimiz obod bo‘lmoqda. Bu ishlarda mahalladoshlarimiz ham faol qatnashayotir. Kattayu kichik, yoshu qari barcha qo‘ldan kelgancha mahalla obodligiga hissa qo‘shmoqda. Davlatimiz tomonidan shunday tashabbus ko‘rsatilayotgan bir paytda chekkada qo‘l qovushtirib o‘tirsa bo‘lmas. Qars ikki qo‘ldan deganlaridek, harakat bo‘lsagina, ishimizda unum bo‘ladi. Atrofimizning obod bo‘lishi, avvalo, o‘zimizning harakatimizga bog‘liq.

Dastur bo‘yicha avtomobil yo‘llarini asfalt qilish, ichki yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish, piyodalar yo‘laklarini yangidan bunyod etish, gaz quvurini ta’mirlash, elektr tarmog‘ini modernizatsiya qilish va simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish ishlari ham qizg‘in davom etmoqda.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 049