Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2018 08:40 Chop etish versiyasi

Atrof-muhit muhofazasi yaxshilanmoqda

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda tizimda amalga oshirilgan islohotlar to‘g‘risida axborot berildi. Qo‘mita faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi – maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish tizimini tashkil etish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarda davlat boshqaruvi va ekologik nazoratni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimizning 2017-yil 21-apreldagi "2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan kompleks dastur qabul qilingan bo‘lib, 13 “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va ularning 174 ta tuman (shahar) filiallari tashkil etildi. Ular balansiga 1 ming 372 maxsus texnika, 1 ming chiqindi to‘plash maydonchasi, 5 ming 800 konteyner va 172 poligon o‘tkazildi.

Shuningdek, qo‘shimcha 305 chiqindi to‘plash maydonchasi ochilib, 2 mingdan ziyod konteyner bilan jihozlandi. Mamlakat bo‘yicha jami 295 poligon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning kadastr hujjatlari tuzildi, 97 chiqindi poligoni tartibga keltirildi. Qo‘mita huzurida chiqindilar bilan bog‘liq masalalarni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Hozir barcha “Toza hudud” davlat unitar korxonalarida “Billing” tizimi ishga tushirilgan. Texnika harakatini masofadan onlayn rejimida kuzatish maqsadida GPS tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ekologik-sanitariya normalari va qoidalariga zid ravishda faoliyat yuritib kelayotgan Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani, Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Bo‘stonliq tumanidagi 3 chiqindi poligoni faoliyati to‘xtatildi. Surxondaryo viloyatining Angor, Termiz tumanlari va Termiz shahri, Xorazm viloyatining Urganch va Qo‘shko‘pir, Andijon viloyatining Paxtaobod, Jizzax viloyatinig Do‘stlik, Zarbdor va Paxtakor, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanlaridagi 10 poligon faoliyati tanqidiy o‘rganilmoqda. Yirik shaharlarda qattiq maishiy chiqindilarni tashib chiqaruvchi 108 ixtisoslashtirilgan xususiy korxona faoliyati samaradorligini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohasida Angren, Nukus, Urganch, Navoiy, Buxoro, Qarshi, Termiz, Jizzax, Guliston shaharlarida saralash va qayta ishlash klasterlari tashkil etildi. Hozir boshqa hududlarda klasterlar tashkil etish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilish loyihalari ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, janubiy koreyalik hamkorlar bilan qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan Toshkent shahar poligonida chiqindixona gazini qayta ishlab, undan elektr va issiqlik energiyasini olish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Matbuot anjumanida 2018-yilda “Toza hudud” davlat unitar korxonalari qo‘shimcha 283 maxsus texnika bilan ta’minlanishi ma’lum qilindi.

2017-yilda Andijon, Angren, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona, Olmaliq, Bekobod, Chirchiq, Toshkent va Nukus kabi sanoatlashgan shaharlarda havoning ifloslanish darajasi sanitar me’yordan o‘rta hisobda 2,7 barobar ortgani kuzatilgan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, bu borada idoralararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida joriy yil oxiriga qadar mamlakatdagi ekologik va atrof-muhit holatini baholashning aniq ko‘rsatkichlariga asoslangan ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
5 162