O‘zA O`zbek

12.03.2018 16:01 Chop etish versiyasi

Ashxobodda “Made in Uzbekistan” milliy sanoat ko‘rgazmasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkaziladigan ko‘rgazma joriy yilning 29-31-mart kunlari Ashxobod shahrida o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda qayd etilishicha, ko‘rgazma doirasida o‘zbekistonlik mahalliy va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradigan 100 dan ziyod yirik sanoat korxonalari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

“Ko‘rgazmani tashkil etishdan maqsad – Turkmaniston bozorlariga mamlakatimizning mahalliy sanoat korxonalari mahsulotlarini yetkazib berish va qardosh turkman ishbilarmonlarini mamlakatimizdagi investitsiyaviy muhit bilan yaqindan tanishtirishdan iborat”, deydi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati rahbari D. Ro‘zimetova.

Shuningdek, ko‘rgazma turkmanistonlik va boshqa xorijiy kompaniyalar bilan savdo-sheriklik bo‘yicha shartnomalar tuzish, ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun birdek manfaatli bo‘lgan investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shni mamlakat ishbilarmonlariga mamlakatimizning ilmiy-ishlab chiqarish salohiyati, madaniy-tarixiy merosi haqida atroflicha ma’lumot berish kabi maqsadlarni qamrab olgan.

Ko‘rgazma 2 blokdan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lim qishloq xo‘jaligi va sanoat uchun zarur asbob-uskunalar namoyish etilishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, asosiy – ikkinchi bo‘limda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari taqdim etiladi.

Shuningdek, tadbir doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
4 223