Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.11.2017 15:11 Chop etish versiyasi

Arzon va ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi izchil davom ettiriladi

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "Ipoteka-bank" aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan tashkil qilingan matbuot anjumanida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23-oktabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorining ijrosini izchil ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z bordi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2018-2020-yillarda shaharlarda qariyb 43,5 ming kvartira qurilishi rejalashtirilgan. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida uy-joylarning tarifidan kelib chiqib, 10 foizdan 40 foizgacha miqdoridagi summa boshlang‘ich badal sifatida belgilandi.

Ushbu arzon uy-joylar uchun yigirma yilga beriladigan kreditning imtiyozli davri uch yildan iborat. Shuningdek, dastlabki besh yilda to‘lov kredit miqdorining yetti foizini tashkil etadi, keyingi yillarda esa Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasiga ko‘ra hisoblanadi.

Anjumanda bunday uy-joylar qurilishini moliyalashtirish, bank tomonidan ipoteka kreditlarini ajratish tartibi va bu borada aholiga yaratilayotgan qulayliklar xususida ma’lumot berildi.

– Fuqarolarning kredit olishi uchun qator soliq imtiyozlari yaratilgan, – deydi bankning ipoteka va iste’mol kreditlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Nurmuhammedov. – Bunda kredit oluvchining o‘zi yoki oila a’zolarining kredit bo‘yicha oylik to‘lovlarni qaytarish uchun yo‘naltirgan mablag‘i soliqqa tortilmaydi. Agarda korxonalar qaytib olmaslik sharti bilan o‘z xodimlariga ipoteka kreditining boshlang‘ich badalini to‘lab bergan bo‘lsa, mazkur mablag‘ ham soliqqa tortilmaydi. Shuningdek, kredit to‘liq qaytguniga qadar xonadon uchun mol-mulk solig‘i to‘lanmaydi.

Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
2 160






Все о погоде - Pogoda.uz