Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.05.2018 08:00 Chop etish versiyasi

Arxivdagi qarorning ko‘chirma narxi 300 dollarmi?

Farg‘ona viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasining Quva tuman davlat arxiviga M. Xolmatova murojaat qilib, uy-joy qurish uchun buvisini nomiga qabul qilingan qarorni qarindoshlari da’vo qilmasliklari maqsadida otasi A. Bekmirzayevning nomiga chiqarilgan qarordan ko‘chirma tayyorlab berishni so‘raydi. Arxiv direktori Gulnoza Mamajonova bunday “mijoz”ni qo‘ldan boy bergisi kelmadi. Ta’magirlik yo‘lini tutib, qarordan ko‘chirma tayyorlab berish uchun 300 dollar talab qildi.

M. Xolmatova bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat qildi. DXX va Bosh prokuratura huzuridagi soliq valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Quva tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda G.Mamajonova o‘z xizmat xonasida 250 dollar va A. Bekmirzayevning fuqarolik pasportini olganida ushlandi.

Afsuski, G. Mamajonovaning nafsi hakalak otganlardan ekan. Moliya xodimlari Quva tuman davlat arxivi tomonidan pullik xizmatlar hisobidan tushgan pul mablag‘larining qonuniyligi, to‘g‘ri va to‘liq undirilganiligi va qat’iy belgilangan me’yorlarga rioya etilganligi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda ham bir qator noqonuniy holatlar aniqlandi.

G.Mamajonova 2015-2017 yillar davomida Quva tumaniga oid bo‘lgan yer uchastkalari ajratish, xonadonlarni xususiylashtirish, egalik huquqini aniqlash bo‘yicha ijroiya qo‘mitalari, hokimlar, sudlar, notarial idoralar qarorlari va hujjatlari bo‘yicha 832 holatda arxiv ma’lumotlaridan berilgan arxiv ko‘chirmalarini, ushbu ko‘chirmalar uchun fuqarolar tomonidan “O‘zarxiv” agentligining ko‘rsatmasi asosida belgilangan, har bir ko‘chirma uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 61 ming 649 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish maqsadida tashkilotning ro‘yxatga olish kitobiga ushbu ko‘chirmalar ish haqidan ekani, ya’ni davlat boji undirilmaydigan ko‘chirmalar ekanligi haqida soxta ma’lumotlarni kiritgan. Mazkur mulkiy turdagi ko‘chirmalarga qalbaki chiqish raqamlarini qo‘yib, jami 51 million 291 ming 968 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib yuborgan.

Shuningdek, 2015-2017 yillar davomida fuqarolarga yer uchastkalari ajratish, xonadonlarni xususiylashtirish, egalik huquqini aniqlash bo‘yicha ijroiya qo‘mitalari, hokimlar, sudlar, notarial idoralar qarorlari va hujjatlari bo‘yicha tayyorlab berilgan ko‘chirmalar uchun belgilangan 61ming 649 so‘m miqdoridagi davlat bojini 63 holatda kam undirishi natijasida jami 2 million 499 ming 234 so‘m miqdordagi pul mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilgani aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudi tomonidan G.Mamajonovaning qilmishlariga yarasha jazo tayinlandi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
3 149