O‘zA O`zbek

12.06.2019 16:44 Chop etish versiyasi

Arxivchilar “O‘zarxiv” agentligi bosh direktori bilan ochiq muloqot qildi

Arxivchilar “O‘zarxiv” agentligi bosh direktori bilan ochiq muloqot qildi

Shahrisabz shahrida Respublika yosh arxivchilar forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, Qashqadaryo viloyat arxiv ishi boshqarmasi, viloyat hokimligi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 100 dan ziyod yoshlar, davlat arxivi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.

Forum doirasida Shahrisabz shahridagi Oqsaroy majmuasiga sayohat uyushtirildi. Ishtirokchilar “Maqomchilar muzeyi”, “Amir Temur muzeyi” eksponatlarini katta qiziqish bilan tomosha qildi. 

– Anjumanning aynan Shahrisabz shahrida tashkil etilgani bejiz emas, – deydi O‘zLiDep Qashqadaryo viloyati kengashi raisi, viloyat Arxiv ishi boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Tursunov. – Zero, arxiv ishi bevosita tarix bilan bog‘liq. Shunday ekan, moziyni eslatib turuvchi ko‘hna va betakror Shahrisabz shahri yosh arxivchilarga ham madaniy, ham ma’naviy ozuqa beradi. Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad esa davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan beshta muhim tashabbusni keng targ‘ib qilish, yosh avlodda tarixni o‘rganishga intilishni yuksaltirish va shu orqali ularning kitobga qiziqishini oshirish, dunyoqarashini kengaytirishga ko‘maklashishdir.

Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gul qo‘ydi.

Yosh arxivchilar forumi Shahrisabz Madaniyat saroyi binosida o‘tkazilgan “Bilimdon arxivchilar” intellektual musobaqasi bilan davom etdi. Musobaqa g‘oliblari munosib taqdirlandi.

Kunning ikkinchi yarmida forum qatnashchilari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda ishtirokchilar “O‘zarxiv” agentligi bosh direktori U.Yusupov bilan ochiq muloqot qildi.

Elektron hujjatlarni shakllantirish, jamlash, hisobini yuritish, saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanishni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan anjumanda hujjatsiz tarix, tarixsiz davlat bo‘lmasligi, shu bois arxiv hujjatlarini sifatli saqlash muhim vazifa ekani ta’kidlandi.

Anjuman so‘nggida faol ishtirok etgan yosh arxivchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘.BAROTOV, O‘zA
425