O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:43 Chop etish versiyasi

AQSH delegatsiyasi Jizzax viloyatida boʻldi

AQSH delegatsiyasi Jizzax viloyatida boʻldi

Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant boshchiligidagi siyosat, savdo, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xoʻjaligi va taʼlim sohalaridagi kompaniyalari vakillaridan iborat AQSH delegatsiyasi Jizzax viloyatida boʻldi. 

Delegatsiya aʼzolarini “Jizzax” temiryoʻl vokzalida viloyat hokimi Ergash Soliyev va viloyatning boshqa rahbarlari kutib oldi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida xorijiy investorlarning mamlakatimizga qiziqishlari tobora ortib borayotganligini Jizzax viloyatida ushbu davlat ishbilarmonlari hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham koʻrish mumkin. 

Jumladan, AQSHning ushbu delegatsiyasi tarkibidagi “SilverLeafe LLC” kompaniyasi prezidenti Den Petterson Jizzaxda birinchi marta boʻlishi emas. U bundan bir yil avval – oʻtgan yili may oyida ham viloyatda boʻlib, paxta va boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning samarali usullarini joriy qilish yoʻnalishidagi zamonaviy agroklaster tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishgan edi. Kelishuv yakunida paxtani ilgʻor texnologiyalar asosida yetishtirish va xomashyoni qayta ishlab, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SIL verleafe -BMB agro trade group” Oʻzbekiston-AQSH qoʻshma korxonasi tashkil etilgan edi. 

Ayni paytda ushbu korxona fermerlar bilan shartnoma asosida 2 ming gektar maydonda agroklaster usulida paxta yetishtirmoqda. Delegatsiya aʼzolari viloyatga tashrifi davomida Paxtakor tumanida boʻlib, agroklaster tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Viloyatda paxta xomashyosini qayta ishlab, tayyor mahsulot chiqarishda erishilayotgan natijalar ham delegatsiya aʼzolarini eʼtiborsiz qoldirmadi. Shu maqsadda mehmonlar “Jizzax Teks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tikuvchilik fabrikasida boʻlib, korxona imkoniyatlari bilan tanishdi. 

Amerikalik mehmonlar faqat iqtisodiyot sohasi emas, viloyatning madaniy-maʼrifiy muassasalari faoliyatiga ham qiziqish bildirdi. Delegatsiya aʼzolari oʻzbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan Hamid Olimjon va Zulfiya maktabida boʻlib, bu yerda iqtidorli yoshlarga taʼlim berish jarayoni bilan ham tanishdi. 

Mehmonlar Jizzaxdan Samarqand shahriga joʻnab ketdi. 

T. BEKNAZAROV, OʻzA
706