Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.10.2017 16:23 Chop etish versiyasi

Anjumanda ona tilimiz sabog‘i

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 28 yilligiga bag‘ishlab anjuman tashkil etildi.

Tadbir qiziqarli va tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi. Bunga taniqli adabiyotshunos Omonulla Madayevning tilimiz imkoniyatlari, bugungi kundagi holati, til va adabiyotdan yoshlarga saboq berishda e’tibor berish lozim bo‘lgan masalalar borasidagi qimmatli fikr-mulohozalari, Shukur Qurbon va Adiba Umirovaning bobolardan meros milliy qadriyatlar, ona tilimizni madh etuvchi she’rlari hissa qo‘shdi.

– Xalqda "Ustoz otangdan ulug‘", "Mehmon otangdan ulug‘" degan maqollar bor. Keyingi vaqtlarda bu maqollarni "Ustoz otangday ulug‘", "Mehmon otangday ulug‘" deb aytish urf bo‘ldi, – dedi O.Madayev. – Maqol xalq ijodi. Ijod badiiyatsiz, badiiyat mubolag‘asiz bo‘lmaydi. Mehmon otangdan ulug‘ deb mubolag‘a vositasida, avvalo, otani azizlaymiz. Nega men shu misolni keltirdim?! Gap shundaki bugun odamlarda tafakkur kuchi ortgan sari, tasavvur kuchi kamayib bormoqda. Tasavvur esa insonga zavq-shavq beradi. Shunday ekan, millatimiz askiyani, do‘stona hazilni, so‘z latofatini anglamay qolmasin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy o‘z asarlarida 28 mingdan ortiq so‘z ishlatgan ekan. Taqqoslash uchun – rus shoiri Pushkin o‘z ijodida 25 mingta, ingliz adibi Shekspir 22 mingta, ispan yozuvchisi Servantes esa 18 mingta so‘zga murojaat qilgan.

Bugun ana shunday boy tilda millionlab insonlar so‘zlashadi. Ona tilimizda milliy klassik adabiyotimizga mansub ulkan miqdorda asarlar yaratilgan. Istiqlol yillarida ona tilimizga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Unga davlat tili maqomi berilib, o‘zbek tilining taraqqiyoti uchun izchil amaliy ishlar olib borilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil qilindi.

Ammo keyingi paytlarda milliy tilimiz sofligi, rivojiga to‘siq bo‘layotgan holatlar ham uchramoqda. Tilimiz imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanmayapmiz. So‘zni ma’no jihatidan noto‘g‘ri qo‘llash, shevaga xos talaffuz, urg‘u qoidalariga rioya etmaslik, matnda imlo xatolariga yo‘l qo‘yish ko‘paygan.

– Bunday holatga qarshi kurashish faqat tilshunos olimlar emas, balki har birimizning, ona tili va adabiyoti o‘qituvchilarining esa ikki karra burchidir, – deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi metodisti Gulchehra Mamanboyeva.

Anjuman qatnashchilari ona tilimizni asrab-avaylash, uni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Malohat Husanova, O‘zA
1 449






Все о погоде - Pogoda.uz