Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.09.2017 16:49 Chop etish versiyasi

Angren shahrida joylashgan harbiy qism hududidagi yotoqxona qayta ta’mirlandi va uning 2- va 3-qavatlari harbiylar oilasi uchun ajratildi

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, fuqarolarimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo‘lgan ixcham, harakatchan, zamonaviy talablarga to‘la javob beradigan milliy armiyamiz shakllantirildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 28-avgust kuni Samarqandda o‘tkazilgan sayyor videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va bu boradagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni dunyoda harbiy-siyosiy vaziyat tobora o‘zgarib, milliy hamda global xavfsizlik sohasida xatar va tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda milliy armiyamizni yanada takomillashtirish bo‘yicha puxta o‘ylangan harakatlarni amalga oshirishimiz zarurligini ta’kidladi.

Vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga kamarbasta bo‘layotgan harbiy xizmatchilar davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida Qurolli Kuchlarimiz saflarida mard va jasur, har tomonlama bilimli yoshlar xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun zamonaviy sharoit – uy-joy bilan ta’minlash va boshqa qulayliklar yaratish, ularning farzandlari ta’lim-tarbiyasi va ijtimoiy ximoyasiga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Toshkent viloyati hokimligi tomonidan harbiy xizmatchilarga munosib ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida Chirchiq shahrida 135 harbiy xizmatchi va ularning oila a’zolari uchun 2-3 xonadan iborat ko‘p qavatli 8 ta uy qurilishi boshlab yuborilgan va bu uylar shu yilning dekabr oyida egalariga topshiriladi.

Angren shahrida joylashgan harbiy qism hududidagi yotoqxona qayta ta’mirlandi va uning 2- va 3-qavatlari 42 harbiy oilasi uchun ajratildi. 4-qavati esa oila qurishga ulgurmagan 100 harbiy xizmatchiga berildi. O‘rta Chirchiq tumani va Angren shahridagi harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilar uchun 2018-2019-yillarda 16 ta ko‘p qavatli uy qurilishi mo‘ljallanmoqda.

Harbiy qism va birlashmalarni moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash Qurolli Kuchlarimiz salohiyati va jangovar qobiliyati mustahkamligining yana bir muhim shartidir. Toshkent viloyatida 486 million so‘m mablag‘ evaziga viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘uv punkti to‘liq qayta ta’mirlandi.

Harbiy qism va birlashmalarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘z vaqtida ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Ularga biriktirilgan fermer xo‘jaliklari va ishlab chiqarish korxonalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

Harbiy xizmatchilar o‘zlari uchun xavfsiz va qulay, ularga milliy g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan eng zamonaviy harbiy kiyim-kechak va poyabzal bilan ta’minlanayotir. Harbiy kiyim turlarining yangi modellarini ishlab chiqishni tashkil etish masalasi ham doimiy e’tiborda.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Chirchiq, Angren va To‘ytepadagi garnizonlarda harbiy xizmatchilarning 102 oila a’zosi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga, 285 harbiy xizmatchining 326 farzandi maktabgacha ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablariga joylashtirildi. Harbiy xizmatchilar va oila a’zolarining 98 nafari Bo‘stonliq tumanidagi “Burchmulla” sanatoriysida, ularning 232 farzandi “Tong” bolalar oromgohida dam oldirildi.

Chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, Vatan taqdiri uchun mas’uliyatli qilib tarbiyalash – Qurolli Kuchlarimizni salohiyatli, bilimli va, albatta, vatanparvar kadrlar bilan to‘ldirishning eng muhim shartidir. Shu maqsadda joriy yilda umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining 725 o‘quvchisining viloyat hududida joylashgan harbiy qismlarga tashrifi tashkil etildi.

Yoshlarni amaliy jihatdan harbiylik kasbi sirlariga o‘rgatish maqsadida O‘rta Chirchiq tumanidagi harbiy qism va birlashmalar hamda Chirchiq shahridagi Serjantlar tayyorlash maktabida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida "Shunqorlar" harbiy-sport musobaqalari o‘tkazildi.

Xalq bilan milliy armiyamiz o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlashda viloyat hokimligi huzurida tashkil etilgan jamoatchilik kengashining faoliyati alohida e’tiborga molik.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun munosib nomzodlar tayyorlashni tashkil etish masalasi ham doimiy e’tiborda. Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi Qibray akademik litseyi va Bekobod tumanidagi Dalvarzin kasb-hunar kollejini ta’mirlash va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga 130 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Mazkur ta’lim muassasalarida sifatli o‘quv-tarbiya jarayoni hamda pedagoglar malakasining doimiy ravishda oshirib borilishini tashkil etish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan Toshkent harbiy okrugi bilan kelishilgan holda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bo‘yicha ta’lim berayotgan o‘qituvchilar malakasini oshirish uchun joriy yil aprel oyida Chirchiq shahridagi ofitserlar uyi va Serjantlar tayyorlash maktabida barcha o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari chaqiruvga qadar boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik o‘qituvchilarining 3 kunlik o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Milliy armiyamiz va xalqimiz yakdilligini yanada mustahkamlash maqsadida bir oyda kamida 2 marotaba harbiy qism va birlashmalarga kirib, ularning muammolaridan xabardor bo‘lish, ularni qo‘llab-quvvatlash, harbiy ta’limga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari faoliyatini yuksaltirish, pirovardida Toshkent harbiy okrugini namunali okrugga aylantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Muxtasar aytganda, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, avvalo, yurtimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilish mamlakatimizda erkin, ozod va farovon hayot barpo etishning ishonchli kafolati bo‘la oladi.

Shukurullo Boboyev, 
Toshkent viloyati hokimi.

O‘zA
2 174






Все о погоде - Pogoda.uz