O‘zA O`zbek

13.02.2018 10:39 Chop etish versiyasi

“Andijonlik 23 yashar yigit militsiya so‘rog‘idan keyin o‘z joniga qasd qildi” maqolasiga rasmiy munosabat bildirildi

“Andijonlik 23 yashar yigit militsiya so‘rog‘idan keyin o‘z joniga qasd qildi” maqolasiga rasmiy munosabat bildirildi Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda “Andijonlik 23 yashar yigit militsiya so‘rog‘idan keyin o‘z joniga qasd qildi” sarlavhasi bilan tarqatilgan maqolada keltirilgan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Tergovda tazyiq o‘tkazilgandan so‘ng o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan holat Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Ismoiljon Baltabayev o‘z arizasida 2017-yilning fevral oyida “Haj”ga borishi yuzasidan yordam berish uchun Abduraxim Sattarovga 1 ming 700 AQSh dollari, 11 mln. so‘m pullari va fuqarolik pasportini berganligini, lekin Abduraxim Sattarov turli bahonalar bilan ziyoratga jo‘natishga yordam bermasdan, pullarini ham qaytarmaganligini bayon qilgan.

2018-yilning 22-yanvar kuni soat 18.25 da fuqaro Abduraxim Sattarov tergov bo‘limiga chaqirtirilib, u bilan suhbat o‘tkazilganda, Ismoiljon Baltabayevdan 1700 AQSh dollari, 11 mln. so‘m pullarini qarzga olganini va pullarni qaytarish uchun Qozog‘iston Respublikasiga borib ishlab kelganligini bildirib, Ismoiljon Baltabayevning fuqarolik pasportini tergov bo‘limi surishtiruvchisi G‘.Ismonovga qaytarib bergan.

Qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro Abduraxim Sattarovning fuqarolik pasportida 2017-yilning oktabr-noyabr oylarida Qozog‘iston Respublikasiga chiqib kelganligi haqida qozoq tilida yozilgan muhr bosilgani aniqlangan. Muhrning haqiqiyligini tekshirish maqsadida, Abduraxim Sattarovning fuqarolik pasporti tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan va shu kuni soat 18.45 da Andijon shahar IIB binosidan chiqarib yuborilgan.

2018-yilning 23-yanvar kuni soat 04.00 da Andijon viloyati tez tibbiy yordam shifoxonasidan Andijon shahar IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga asosan, Abduraxim Sattarov yashash xonadonida ko‘p miqdorda “Dimedrol” tabletkalarini ichib olgani va hushsiz holda oila a’zolari tomonidan shifoxonaga olib borilgani ma’lum bo‘lgan.


Fuqaro Abduraxim Sattarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zA
8 075