Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2017 14:54 Chop etish versiyasi

Andijonda salomatlik haftaligi

Andijonda salomatlik haftaligi Andijonda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan salomatlik haftaligi tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, tibbiy muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davolash va profilaktika ishlari sifati va samaradorligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Salomatlik haftaligida viloyatdagi muruvvat, mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar, shuningdek, nuroniylar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlarida tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan “To‘g‘ri ovqatlanish”, “Patronaj hamshirasi xonadoningizda”, “Sog‘lom turmush tarzi” mavzularida tadbirlar, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “O‘z sog‘lig‘ingga mas’uliyatli bo‘l!” mavzusida insho va diktantlar tanlovi o‘tkazilmoqda.

– Haftalik doirasidagi tibbiy ko‘riklarga viloyatimizdagi yetakchi tibbiyot muassasalarining tajribali shifokorlari jalb etildi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mirkomil Otahojiyev. – Unda fuqarolar 20 yo‘nalishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zarur tavsiya va maslahatlar berilmoqda.

Tadbirda yurtimiz va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari ham o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi. Sog‘lom turmush tarzi, dori-darmon targ‘ibotiga oid bukletlar tarqatildi. Yosh sportchilarning, bolalar badiiy jamoalarining ko‘rgazmali chiqishlari, tibbiyot muassasalarining sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga bag‘ishlangan panno va ko‘rgazmalari tashkil etildi.

– Bugungi tadbirda 550 dan ziyod bola ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi bolalar bo‘limi mudiri Gulnora To‘rayeva. – Bolalarga, ularning ota-onalariga zarur tavsiya va maslahatlar berildi. Oilada sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida tushuntirish ishlari olib borildi. Turli xavfli va yuqumli xastaliklar kelib chiqishining oldini olish, sog‘lom turmush tarziga oid buklet va adabiyotlar tarqatildi.

– Shu yil 80 yoshga to‘laman, – deydi Islomobod mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Busora Nizomova. – Qarilik qursin, keyingi paytlarda yuragim bezovta qilmoqda. Bugungi tadbirda kardiolog qo‘rigidan o‘tdim, zarur maslahatlar oldim. El-yurt salomatligi yo‘lida shunday xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Tibbiy ko‘rik natijasida kasallik borligi aniqlangan fuqarolarga ambulatoriya va shifoxonalarda davolanish uchun yo‘llanma berildi.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
595






Все о погоде - Pogoda.uz