O‘zA O`zbek

02.03.2018 19:54 Chop etish versiyasi

Andijonda bir oilaning 4 nafar a’zosi jarohatlandi

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda tabiiy gazning portlashi oqibatida bir oilaning bir necha a’zosi jarohat olganligi haqida xabar tarqaldi. Aslida voqea qanday bo‘lgan edi?

Viloyat IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mutaxassislarining ma’lumotiga ko‘ra, Andijon shahar “Mehnat” mahalla fuqarolar yig‘ini, Turkiston ko‘chasida yashovchi Sherali Do‘smatov xonadonida qo‘lbola gaz so‘rgich moslamasi jo‘mragi to‘liq berkitilmaganligi natijasida xonada tabiiy gaz to‘planib, elektr chirog‘i yonishi bilan chaqnash sodir bo‘lgan. Oqibatda xonadon sohibi Sherali Do‘smatov, turmush o‘rtog‘i Gulmira Do‘smatova, farzandlari Shukurillo va Xumoyun Do‘smatovlar turli darajada kuyish tan-jarohati olib, og‘ir ahvolda  shifoxonaga yotkizilgan. Bundan tashqari, xonadon katta miqdorda moddiy zarar ko‘rdi, butun mahallaning tinchi buzildi.

Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan olib borilayotgan profilaktik-tushuntirish ishlariga, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim fuqarolarning yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida joriy yilning o‘tgan davrida Andijon viloyatida 148 yong‘in hodisasi sodir bo‘ldi. Yong‘inlar natijasida 5 nafar fuqaro tan-jarohati olib, shifoxonaga yotkizildi, 6 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

Sodir bo‘lgan yong‘inlar tahlil qilinganda, asosan aholi xonadonlarida isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalariga amal qilmaslik, elektr simlarining qisqa tutashuvi, foydalanilayotgan gaz va elektr jihozlarining nosozligi yong‘inga sabab bo‘lganligi aniqlangan.

Yuqoridagi kabi ko‘ngilsizliklar kelib chiqmasligi uchun fuqarolar hamisha hushyor bo‘lishi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishi zarur.

Fahriddin Ubaydullayev, O‘zA
5 127