O‘zA O`zbek

08.01.2018 12:15 Chop etish versiyasi

Andijonda 425 talaba muddatidan avval diplomli bo‘ldi

Andijon davlat tibbiyot institutining bakalavr va klinik ordinatura yo‘nalishi bitiruvchilari shifokorlik qasamyodini qabul qildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


– Institutimizda 20 dan ortiq ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha 3 mingdan ziyod talaba tahsil oladi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov. – Ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish, talabalarning puxta bilim olishi, o‘zlari tanlagan mutaxassislikni puxta egallashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bundan tashqari, iqtidorli talabalar hamda yosh olimlarning rivojlangan davlatlarda malaka oshirishiga ko‘maklashuvchi ilmiy maslahat markazi, Yosh ixtirochilar klubi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tadbirda institutning 348 nafar bakalavr, 77 nafar klinik ordinatura yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchisi shifokorlik qasamyodini qabul qildi.

– Bugungi tadbir ham yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tiborning yorqin ifodasidir, – deydi institutning bakalavr yo‘nalishi bitiruvchisi Mohinur Ahmadjonova. – Bugun oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlab, katta hayotga yo‘l olyapmiz. Kelgusida sohaning yetuk mutaxassisi sifatida xalqimiz salomatligini asrash yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga so‘z beraman.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
7 686