O‘zA O`zbek

05.02.2018 18:30 Chop etish versiyasi

Amerikalik mutaxassis bilan tajriba almashildi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida mamlakatimizda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va erishilayotgan natijalar, kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifi bilan yurtimizga kelgan AQShlik mutaxassis Liya Vinsent qatnashib, sohadagi yangiliklar, texnik rivojlanishning inson salomatligini asrashdagi o‘rniga doir mavzularda mutaxassislarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Seminar ishi ta’lim, ilmiy fikr almashish, nashr etishga amaliy qadam, texnik maqolalarni yozish kabi shu’balarga bo‘lingan holda davom etdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi biotibbiy ta’lim, milliy sog‘liqni saqlash institutlari va ilmiy almashinuv imkoniyatlari, nashr etish uchun ilmiy risolalarga qo‘yiladigan talablar va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi.

Bunday ilmiy seminarlar xorijiy tashkilot va mutaxassislar bilan xalqaro aloqalarni mustahkamlash, ilmiy xodimlarning izlanishlar, tadqiqotlar olib borishi jarayonida xalqaro tajribalarni qo‘llashi, ulardan samarali foydalanish, o‘zaro tajriba almashishga imkon yaratadi.

Barno Meliqulova, O‘zA
6 804