Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.05.2018 17:00 Chop etish versiyasi

Amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi

Milliy matbuot markazida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda vazirlik mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari professor o‘qituvchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini, pedagog va rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlarini takomillashtirishga ilg‘or xorijiy texnologiyalarni keng jalb qilish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, yosh olimlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvatlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari uch yilda kamida bir marta ikki oy davomida ishdan ajralgan holda 288 soat hajmida Tayanch oliy ta’lim muassasalari huzuridagi mintaqaviy va tarmoq markazlarida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tishlari shart.

Rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribalari asosida takomillashtirilgan o‘quv reja va dasturlar asosida har yili mintaqaviy va tarmoq markazlarida o‘rtacha 8 mingga yaqin pedagog kadrlar o‘z malakasini oshirmoqda.

Tadbirda ta’kidlanishicha, oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining o‘qitish shakllari va uslublarini takomillashtirish natijasida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan muvaffaqiyatli o‘ta olmayotgan o‘rtacha 10-15 foiz pedagog kadrlar uchun asosiy ishdan ajralmagan holda kurslarni qayta o‘zlashtirishning masofaviy ta’lim shakli joriy etilgan.

Shu yilning aprelidan boshlab, tinglovchilar kontingenti yetarli bo‘lmagan 33 yo‘nalish bo‘yicha 70 nafar, takroriy kurslar bo‘yicha 565 nafar oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlari uchun masofaviy qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Shuningdek, fan, ta’lim va ishlab chiqarish hamkorligini ta’minlash maqsadida 261 ta profil kafedralar, 97 ta ilmiy-tadqiqot muassasalari va markazlari hamda 57 ta ishlab chiqarish korxonalari bazasida tinglovchilarning ko‘chma-amaliy mashg‘ulotlari tashkil etilgan.

2019-yildan boshlab London Metropoliten universiteti hamda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda oliy ta’lim sifatini ta’minlashda ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘nalishidagi malaka oshirish kurslarini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

O‘qitish sifatini oshirish maqsadida 2017-yil sentyabr – 2018-yil aprel oylari davomida AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Avstriya, Portugaliya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Gretsiya va boshqa davlatlardan jami 455 nafar xorijiy mutaxassislar qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari o‘quv jarayonlariga jalb etilgan.

– Ilmiy salohiyatni oshirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi vazirlik ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i B.Ismoilov. – Bugungi kunda Respublika oliy ta’lim muassasalarida 25 ming 534 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Shundan 8 ming 272 nafari ilmiy darajaga ega. Ularning 1 ming 737 nafari fan doktori, 6 ming 536 nafari fan nomzodidir. Hozirda oliy ta’lim muassasalarida jami 1 ming 398 nafar, jumladan 1 ming 116 nafar izlanuvchilar tayanch doktoranturada, 110 nafar izlanuvchi doktoranturada tahsil olmoqda. O‘tgan yilda oliy ta’lim muassasalarida tayyorlangan 405 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Joriy yilda esa 941 ta dissertatsiya himoya qilinishi kutilmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 630