O‘zA O`zbek

18.06.2018 16:45 Chop etish versiyasi

Alisher Usmonov muvaffaqiyatining siri nimada? (2-qism)

Alisher Usmonov muvaffaqiyatining siri nimada? (2-qism)
Jahonga mashhur biznesmen hamyurtlarimiz

Davomi

Sportga katta qiziqish va hurmat bilan qaraydigan biznesmen (Alisher Usmonov) bugun yirik madaniyat, san’at va sport xomiysi, Rossiyadagi eng qo‘li ochiq, bag‘ri keng va obro‘li biznesmenlardan. Ta’kidlash joizki, o‘zbeklar, boymi, kambag‘almi, kim bo‘lishidan qat’iy nazar xayriyaga, sadaqaga, xayr-ehsonga nihoyatda diqqat-e’tibor va mas’uliyat bilan yondashishadi, deb yozadi ozmi-ko‘pmi O‘zbekistonni biladigan bir rus jurnalisti. Shunga ham rahmat, lekin o‘sha rus tahlilchisi qani endi biz bilganimizcha bilsa edi. To‘g‘rida, islom dini, hadisi sharif, milliy urf-odat har bir musulmon uchun muqaddas hisoblanadi. Masalan: Yaxshilik qilu suvga tashla, baliq biladi, baliq bilmasa Xoliq biladi, deydi xalqimiz. Fikrimizcha, hech bir tilda, xalqda, millatda bunday benazir tarbiya kuchiga ega bo‘lgan maqol, matal topilmasa kerak. “Ol, iloji bo‘lsa ko‘proq ol, yashirib ol, hech kim bilmasin”, qabilida faoliyat ko‘rsatayotganlar yo‘q deysizmi? Lekin bizga yetib kelgan-ku: yetti yashar Ahmadga (Xoja Ahmad Yassaviy) domlasi xo‘rozni hech kim ko‘rmaydigan yerda “bismil” qilib kelinglar, deb tayinlaganda hamma sinfdoshlari so‘yilgan xo‘roz olib kelishadi, yetti yoshli Ahmad esa xo‘rozni tirik keltiradi va: “Domla, kechirasiz, xilvat joyni topa olganim yo‘q, qayerga bormayin Alloh qarab turar edi”, deb aytgan-ku.

Oqlamaymiz ham yoqlamaymiz ham, lekin yoshlikda nimalar bo‘lmaydi deysiz, buning ustiga otang Respublika poytaxti prokurori bo‘lsa. Voqea esa bunday bo‘lgan edi. Alisher Usmonov 1980 yili to‘satdan KGBning yuqori lavozimdagi rahbarlaridan birining o‘g‘li bilan hibsga olinadi. Ular muttahamlikda, aldamchilikda, tamagirlikda ayblanadi.

Shu yerda, ne jin urib yo‘ldan adashgan o‘spirinning bir gapini keltirib o‘tamiz. “Qo‘lim orqamda, mirshablar nazoratiyu qaramog‘ida qamoqxona kamerasiga kirib borar ekanman, ichkarida o‘tirganlarga xavotir bilan bir-bir qarab: “O‘zingning otang qamaganlar bilan bir kamerada o‘tirish oson bo‘lmasa kerak”, deb o‘ylagan edim”, – deb eslaydi u.

Voqealarning ikir-chikirini bilmaymizu, bunga qariyb 20 yil bo‘lyapti, Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlagan ota o‘g‘lini suddan, uzoq yillarga “kesilib ketishi”dan olib qola olmaydi. Boz ustiga o‘zi ham egallab turgan prokurorlik lavozimidan bo‘shashga majbur bo‘ldi. Agar jinoyat haqiqatdan ham sodir etilgan bo‘lsa, shu paytda ham O‘zbekistonda adolat, sharm hayo, haqiqat bor ekan-ku, degan xayolga borasan, kishi. 8 yilga qamalgan Alisher Usmonov “qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha” olti yil o‘tirib chiqadi. Qamoqdan chiqqandan keyin Alisher ota-onasiga, oilasiga, qarindosh urug‘lariga u katta jinoyatchi emasligini, haqiqatdan ham u noto‘g‘ri ish qilganligini, adashganligini, lekin unga nisbatan ham ortiqcha jazo qo‘llanilganini isbotlashga qattiq turib harakat qiladi. Tinim bilmay yozdi. Va nihoyat... 2000 yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudi tomonidan barcha ayblovlar Alisher Usmonovdan rasman olib tashlanadi va u to‘la oqlanadi.

Navbatdagi hikoyamiz haqiqatga qanchalik yaqin kelishini bilmaymizu lekin shu xususida ikki og‘iz gap aytmoqchi edik. Iso payg‘ambar hayotda noma’qul ish qilib qo‘ygan va dildan ezilib, o‘ksinib, qiynalayotgan yosh ayolni oldida tiz cho‘kib oyog‘ini yuvib pokizalaydi. Olomon darg‘azab. Shu davr odati bo‘yicha bunday ayol toshbo‘ron qilinishi lozim edi. Fojia endi sodir bo‘lay deb turgan paytda Iso alayhissalom g‘azabi junbushga kelgan olomonga qarab:

– Agar kimda kim: “Alloh oldida mening hech qanday gunohim yo‘q, men mutlaq pokman, billurdek tozaman, deya olsa, mayli shu kishi qo‘lidagi toshni bu ayolga qaratib otsin, deydi. Bu so‘zlardan keyin oraga og‘ir sukunat cho‘kadi. Va darg‘azab bo‘lib turgan odamlarning yonib turgan ko‘zlari asta-sekin so‘nib ular yer chiza boshlaydilar. Olomonning qo‘llaridan oyoqlarining ostiga birin-ketin “duk”-“duk” etib toshlar tusha boshlaydi.

Har bir inson o‘zini “men eng yaxshi insonman, eng odil va eng pokiza shaxsman” deb hisoblaydi. Shunday munosabatni yaxshi, to‘g‘ri deb hisoblab, bu insonning o‘ziga bo‘lgan talabi va kelajak ahd-rejasi, deb anglamoq kerak. Lekin hayotda qiziq-qiziq voqealar bo‘lib turadi. Deylik, Amerikadagi eng oliy lavozim bo‘lgan - prezidentlikka saylovlar oldidan nomzodlarning har biri haqida ularni fosh etuvchi shunaqangi “kompromat”lar chiqa boshlaydiki, baraka topkur “yozuvchilar” bu ma’lumotlarni qayerdan olganligiga hayron qolasan kishi. Go‘yo-ki nomzod tug‘ilgan kunidan boshlab monarxiya davlatlaridagi valiahdlar singari, sulton, qirol bo‘lishi aniq va bo‘lajak oliy hazratlarining tavallud topgan kunidan shu kunga qadar tabarruk tarixi daqiqama–daqiqa batafsil qog‘ozga tushirilgan.

Saylovlar oldidan nomzodning bola paytidagi gugurt chaqib sho‘xlik qilganidan tortib, to, kechirasizlaru chaqaloq paytida kiyimini ho‘llab qo‘yganiga qadar, barchasi bosma va elektron OAVda umumxalq muhokamasiga chiqadi. Saylovchilardan ham: “Iy-ya, biz uni oliy tabaqaga mansub deb yursak, axir uning ostini ho‘llab qo‘yadigan odati bor ekan-ku, qanday qilib u Amerika prezidenti bo‘la oladi, y-o‘-o‘-q, buni yaxshilab bir o‘ylab ko‘rish kerak!” deydiganlar ham albatta topiladi.

Boshqa lavozimdagilarni qo‘ya turayligu, yirik ishbilarmon, tadbirkor, biznesmenlarning ham har bir xatti-harakati xuddi katta xalq artistlaridek, mashhur sozandayu xonanda, olimpiya va jahon chempionlari qatori doimo jamoatchilik diqqat markazida turadi, xalq tilidan tushmaydi. Ha, mashhur bo‘lish oson emas. Lekin katta imkoniyatlar berilgan shaxsning so‘rovi ham katta bo‘ladi, degan gap bor. Bu esa shaxsdan sabot, matonat, sabr, toqat, toza va to‘g‘ri yurish-turishni talab qiladi. Va bunga tayyor bo‘lmoq darkor.

Alisher Usmonov 1971 yil bitiruchilari, diplomatlari bilan jahonga mashhur bo‘lgan Moskvadagi xalqaro munosabatlar instituti MGIMOning “Xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha bo‘lajak jahonga mashhur o‘zbek biznesmeni Iskandar Mahmudov, Rossiya prezidenti Yelsinning matbuot kotibi Sergey Yastrjembskiylar bilan birga bir kursda tahsil oladi va 1976 yili uni bitirib chiqadi. Lekin Alisher Usmonovning o‘zi olgan ilmi, bilimi hajmi va ta’lim darajasini kelajakdagi hayoti va shaxsiy rejalariga yetarli deb hisoblamaydi. U o‘qishda, yana bir yangi mutaxassislikka ega bo‘lishni istab qoladi. Va Rossiya Federatsiyasi Hukumati qoshidagi Moliya akademiyasiga kirib o‘qiydi. Endi u rus tiliga qo‘shimcha yana ingliz, fransuz tillarini ham puxta o‘rgangan, ularda bemalol gaplasha oladigan Bank ishi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib chiqadi.

O‘zida, irsida, qonida deymizmi, qandaydir bir ajoyib xislati, fazilati bor bo‘lgan odamni hayot silsilalariyu tasodiflari qanchalik o‘rtaga olmasin, qiynamasin u baribir nish urib, bo‘y-bastini borlig‘icha namoyon etar ekan. Shunday bo‘ldi ham.

Ozodlikka chiqqandan keyin yaxshiyamki, qo‘lida kasbi bor bo‘lgan Alisher puxta o‘rgangan va yaxshi biladigan arab tilidan o‘zbek va rus tillariga matnlar tarjima qilib undan topgan mablag‘iga kun ko‘rdi. SSSR Fanlar akademiyasining Andijondagi Fizika instituti laboratoriyasida patentlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishladi. Chet tillarini bilgani bu yerda ham joniga oro kirdi. Bo‘lajak milliarder, xorijdan kelgan boy sayyohlarni Farg‘ona vodiysi, respublika bo‘ylab safarga olib chiqar, sayr qildirar, Pomir tog‘larida ular uchun maxsus ov tashkil qilar edi. Bu qiziqarli, daromadli, yaxshi bo‘lsayam, bari bir Alisher o‘ylagandek, unga mos ish emas edi. Izlanishda u davom etadi.

Moskvada MGIMOda o‘qib yurgan kezlari orttirgan tanishlari yordamida Alisher Usmonov Moskvaga qaytib boradi va Tinchlikni himoya qilish sovet qo‘mitasining tashqi iqtisodiy aloqalar assotsiatsiyasida ishlay boshlaydi. Ayni bir paytda xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Ozodlikka chiqqandan keyin Alisher davlat ishiga qaytishni xohlamadi. Qayta qurish davri esa unga o‘xshagan kishilarga xususiy tadbirkorlikni yuritish uchun katta imkoniyatlar ochib bergan edi. O‘zbeklarda yaxshi bir gap bor. Tirikchilik ayb emas, deyishadi. Alisher o‘zining dastlabki biznesini polietilen paketlarini, ha... ha.., polietilen paketlarini ishlab chiqarishdan boshladi. 1987 yili u Rossiyadagi Ramenskiy plastmassa zavodi bazasida “Agroplast” kooperativini tashkil qiladi. Shundan so‘ng tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadi. Lekin ko‘p o‘tmay tamaki insonlar sog‘lig‘iga ziyon yetkazadi, deb bu biznesidan voz kechadi.

O‘zidan qoniqmaslik hissi, mehnatdan qochmaslik, maqsadga qarab qattiq intilishi, malakasini muttasil oshirib borganligi tufayli u asta sekin lavozimlar pillapoyasidan ko‘tarila boshlaydi. 1990 yili Alisher Usmonov “Interkosmos” Yopiq aksionerlik jamiyati bosh direktorining birinchi muovini lavozimida ishladi. So‘ngra “Birinchi mustaqil rus banki” direktorlari Kengashi tarkibiga kiradi va 1993 yili MAPO - Moskva samolyotsozlik ishlab chiqarish birlashmasi bankining hammuassisi bo‘ladi.

Yoshligidan qilichbozlik bilan shug‘ullangan Alisher Usmonov sportni unutgani yo‘q. Taniqli tadbirkor, biznesmen 2007 yildan boshlab Angliyaning “Arsenal” futbol komandasi aksiyalarini sotib olaboshladi. 2009 yilga kelib esa uning qo‘lida mashhur ingliz futbol komandasining to‘rtdan biri - 25 foiz aksiyalari to‘plandi.

Ma’lumki, polvon, kurashchi, sportchi, o‘zining ustida tinmay ishlamasa biron bir yutuqqa erishishi qiyin. Biznesmen ham xuddi shunday, u raqiblari bilan kurashishi, ulardan aqlli, chapdast va zo‘r bo‘lishi kerak edi. Agar sportchi fe’lu tabiatiga ega bo‘lib, Moskvadagi MGIMOdek mashhur oliy o‘quv yurtini bitirsa, xorijiy tillarda bemalol gapirisha olsa bormi, unday kishilardan Alisher Usmonovdek, Iskandar Mahmudovdek jahonga mashhur biznesmenlar chiqishini hayot ko‘rsatib turibdi.

Davomi bor, saytimizni kuzatib boring.

Irismat Abduxoliqov, O‘zA
3 659