Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2018 17:10 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy va XXI asr

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xorijiy mamlakatlarning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari, milliy-madaniy markazlar rahbarlari, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Universitet rektori Sh.Sirojiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari K.Eshonxo‘jaev, O‘zbekistan Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov va boshqalar ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib kelganini alohida ta’kidladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qancha ko‘p bahramand etsak, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga yoydi.

Anjumanda Navoiy ijodini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish yanada oshib borayotgani, uning asarlari olamshumul ahamiyatga egaligi va butun dunyo Navoiy shaxsiga hurmat bajo etishining boisi u ilgari surgan g‘oyalar hech qachon eskirmasligida ekanligi ta’kidlandi. Alisher Navoiy o‘zining purhikmat asarlari, sermazmun hayot yo‘li, betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan jahon adabiyoti, ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Navoiy ijodi asrlar osha bashariyatga ezgulik va kamolotdan saboq berib kelmoqda. 

Talabalar Navoiy g‘azallaridan namunalarni o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, arab va boshqa tillarda o‘qib berdi. O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva Navoiy g‘azallariga bitilgan qo‘shiqlardan ijro etdi.

Anjuman ishtirokchilar poytaxtimizdagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘ydi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
6 585