O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:45 Chop etish versiyasi

Aleksey LIXACHYOV: Toshkentda “MMFI" filiali ochilgani hamkorlik rivojidan dalolatdir

Aleksey LIXACHYOV: Toshkentda “MMFI" filiali ochilgani hamkorlik rivojidan dalolatdir

Rossiyaning atom energiyasi boʻyicha “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan soʻng OʻzA muxbiriga intervyu berdi.

– Suhbatda fan va yuqori texnologiyalar sohasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari va innovatsiya markazlari oʻrtasida yaqin hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 

Qoʻshma dastur va loyihalar doirasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Loyihalarni amalga oshirish jarayonlari, tarmoq hamkorligini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻz loyihamizga kelsak, u jadal ijro etilyapti. Prezident tomonidan bir yil oldin oʻrnatilgan jadval qanchalik murakkab boʻlmasin, biz Oʻzbekistonda AES tarmogʻini yaratish boʻyicha salmoqli ishlarni amalga oshirdik. Stansiya uchun maydon belgilandi. Biz quradigan blok andozasi tanlab olindi. Kontraktatsiya ishlari faol olib borilmoqda. Oldimizda turgan vazifa joriy yilda asosiy shartnomalarni tuzish.

Atom texnologiyalari boʻyicha axborot markazini ham ochdik. Bu yerda qiziquvchilar yadro texnologiyalari, tarmoq tarixi haqida maʼlumot olishi mumkin. 2019-2020 oʻquv yilidan “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentda ochilayotgan filialida atom energetikasi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlana boshlaydi. Bu yerda talabalar eng yaxshi dasturlar asosida tahsil oladi. Ushbu taʼlim dargohi nafaqat Rossiya, balki xalqaro miqyosda ulkan eʼtirofga sazovor boʻlgan. Toshkentda uning filiali ochilgani hamkorlik izchil rivojlanayotganidan yorqin dalolatdir.

Hozirgi kunda “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universitetida 56 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis taʼlim olmoqda. Kelasi oʻquv yilidan uning magistraturasida Oʻzbekiston uchun kvotalar soni ikki barobar oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev loyihaning istiqbolli jihatlarini nazardan qochirmaydi. Iqtisodiyotni rivojlantiruvchi bu tarmoq orqali eksport salohiyatini yanada oshirish, ilm-fan, tibbiyot sohasini ravnaq toptirish mumkin. Prezident bizning bu boradagi ishlarimizni qoʻllab-quvatlayotganidan minnatdormiz.

AESning ishga tushirilishi stansiya joylashgan hududning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, yangi korxonalar qurilishi, ish oʻrinlari yaratilishi, aholi farovonligi oshishi va mahalliy infratuzilma ravnaqiga xizmat qiladi.

OʻzA muxbiri A.GʻAFFOROV yozib oldi.
729