O‘zA O`zbek

10.07.2018 18:48 Chop etish versiyasi

Alako‘ylak mahallasida zamonaviy bog‘cha ish boshladi

Alako‘ylak mahallasida zamonaviy bog‘cha ish boshladi Shu paytgacha birorta maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lmagan mahalla ahli bundan behad mamnun.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani Alako‘ylak mahallasida 100 o‘rinli “Navoiy dilbandlari” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ish boshladi.

Mehnat faxriysi Dilbar Rahimova davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, bog‘cha tashkil etdi.

– O‘zim pedagog bo‘lganim uchun bola tarbiyasiga mehrim bo‘lakcha, – deydi D.Rahimova. – Shu bois mahallamizda bir bog‘cha tashkil etib, nafaqada ham bolajonlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishni niyat qildim. Tashabbusimni oila a’zolarim ham qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng loyiham haqida tuman hokimligiga aytdim, yordam so‘radim. Menga 20 yil oldin bog‘cha bo‘lgan, keyin maktab filialiga, undan so‘ng mahalla idorasiga aylantirilgan, oxirgi yillarda esa qarovsiz bo‘lib qolgan binoni berishdi. Bu yerni ta’mirlab, atrofni obodonlashtirgach, ishni boshlab yubordik.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, dastlab 50 o‘rinli bog‘cha tashkil etmoqchi bo‘lgan. Biroq, bog‘cha ochilishi bilan farzandlarini yetaklab keluvchilar soni ko‘paygan. Shundan so‘ng qo‘shimcha sarmoya hisobiga bog‘cha 100 o‘ringa aylantirilgan.

Tarbiya maskanida maxsus o‘quv xonalari, jihozlar, chet tillarini puxta o‘zlashtirish uchun qo‘llanmalar, ko‘rgazmali vositalar kichkintoylarning rus va ingliz tillarini o‘rganishiga xizmat qilayotir. Ularning chet tillarida biyron-biyron she’r, qo‘shiq aytishi, milliy raqslarni ijro etishi ko‘zni quvontiradi. Ayni paytda bog‘chada 108 bolaga 8 pedagog va tarbiyachi ta’lim-tarbiya bermoqda.

– Bog‘chamizda ingliz va rus tillari, shaxmat-shashka to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, – deydi maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Muhayyo Ismoilova. – Buning uchun malakali mutaxassislarni jalb etdik. Yaqin kunlarda musiqa va rassomchilik to‘garaklari ham tashkil etiladi. Hali bu ishlarimizning debochasi. Nasib etsa 650 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i olishni rejalashtirayapmiz. Bu ishlarimiz hal bo‘lsa, bog‘chamiz qiyofasi tubdan o‘zgaradi. Qo‘shimcha jihozlar olamiz. Natijada bolalar qamrovini 150 o‘ringa yetkazamiz.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yilda tumanda 8 ta mana shunday nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularning aksariyati avval bog‘cha bo‘lmagan qishloqlarda tashkil etilgan. Bu borada yana ko‘plab tadbirkorlar o‘z rejasi bilan murojaat etgan. Yil oxiriga qadar nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari soni 25 taga yetadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA
4 961