Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2018 16:26 Chop etish versiyasi

AKT bilan jihozlangan yangi maktab

AKT bilan jihozlangan yangi maktab ...Informatika xonasida 4-sinf o‘quvchilari uchun matematika fanidan dars o‘tilmoqda. Informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Gulmira Hakimova komputerlarga ulangan elektron doska orqali o‘g‘il-qizlarga shakllar, matematik hisob-kitoblarga oid murakkab amallarni bajarib ko‘rsatmoqda.

Bu poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 55-umumta’lim maktabidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sinfidagi ilk dars.

Ushbu darsda O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov va Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan davlat tashrifi chog‘ida “Umumta’lim maktablarining 5-9-sinflarida informatika va chet tili fanlarini o‘qitishning sifatini oshirish (1-bosqich)” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha grant mablag‘larini ajratish yuzasidan ikki tomonlama kelishuv amalga oshirilgan edi.

1.jpg

Mazkur loyiha doirasida yurtimizdagi umumta’lim maktablarining informatika va chet tili xonalarini jihozlash uchun 1 ming 300 dan ortiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jamlanmasi olib kelindi. Ayni vaqtda poytaxtimiz va barcha viloyatlarning chekka hududlaridagi maktablar AKT jamlanmalari bilan jihozlanmoqda. Ushbu maktabdagi texnik jihozlar loyihaning ilk namunalaridandir.

Qulay, shinam sinfxona o‘quvchilarda kuchli qiziqish uyg‘otishi bilan birga, ularning fanga oid bilimlarini yanada mustahkamlashida muhim ahamiyatga ega. Axborot texnologiyalarining qulayligi shundaki, unda o‘qituvchi elektron doska yordamida interaktiv mashg‘ulotlarda bir vaqtning o‘zida barcha o‘quvchi bilan birgalikda shug‘ullanishi mumkin.

3.jpg

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi "2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida poytaxtimizning Sergeli – 6A mavzesi o‘n mingdan ziyod aholi yashashiga moslangan yangi hududga aylandi. Unda 2 ming 576 xonadonli 23 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, aholi uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim muassasalarining ham faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ayni vaqtda bu yerda yashayotgan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning soni uch yarim ming nafarni tashkil etmoqda. Mavzedagi ushbu umumta’lim maktabi barcha qulaylik va imkoniyatlarga ega. 630 o‘quvchi sig‘imiga ega maktabda kutubxona, sport zali, futbol va yugurish maydonchasi, faollar zali, mashg‘ulotlar olib borishga moslangan 23 ta fan xonasi, 15 tadan komputer bilan jihozlangan ikkita informatika sinfi tashkil etilgan.

6.jpg

Mazkur maktabda joriy o‘quv yilining 4-choragidan boshlab o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berila boshlandi.

Tadbir davomida ishtirokchilar maktabdagi qulayliklar, sinfxonalar, sport zallaridagi imkoniyatlar bilan tanishdi. Tuman “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.

9.jpg

Barno Meliqulova, Muhammad Amin (surat) O‘zA
7 314